AsosiySport

IKKI ShAXS O`ZBEKISTON FUTBOLIDAN BIR UMRGA ChETLATILDI

'IKKI ShAXS O`ZBEKISTON FUTBOLIDAN BIR UMRGA ChETLATILDI'ning rasmi

O`zbekiston Futbol Federasiyasi mamlakatimizda bolalar futbolini rivojlantirish, bolalar va o`smirlar orasida futbolni yanada ommalashtirish borasida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Ammo shunga qaramay, viloyat futbol federasiyalari tomonidan yurtimizda bolalar futbolining rivojlanishiga to`g`anoq bo`ladigan ba`zi noxolisliklarga yo`l qo`yilmoqda.

Shu yilning 23-29 noyabr kunlari Buxoro shahrida Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar terma jamoalarining 2000-yilda tug`ilgan o`smirlar guruhlari o`rtasida Respublika chempionati bo`lib o`tgani haqida avval xabar bergandik. Chempionatda 12ta jamoa 4ta guruhga bo`lingan holda qatnashdi.

Mana shu musobaqada Sirdaryo viloyati terma jamoasi tarkibida yoshi kichraytirilgan va qaydnomadan o`tmagan futbolchi ishtirok etayotgani O`FF vakili tomonidan aniqlangan va Sirdaryo viloyati terma jamoasining barcha natijalari bekor qilinib, musobaqadan chetlashtirilgan.

Buxoro shahrida o`tkazilgan futbol bo`yicha Respublika chempionatida aniqlangan kamchiliklar, noxolislik, ko`zbo`yamachilik va mamlakatimizda bolalar va o`smirlar futbolini rivojiga to`g`anoq bo`layotgan illatlarni kelgusida bartaraf etish hamda musobaqada ishtirok etuvchi jamoa rahbarlari va murabbiylarining mas`uliyatini oshirish maqsadida O`zbekiston Futbol Federasiyasi prezidenti Umid Ahmadjonovning buyrug`i chiqdi.

Buyruqda Sirdaryo viloyati jamoasi musobaqada yoshi kichraytirilgan hamda musobaqada ishtirok etish bayonnomasiga kiritilmagan futbolchilar bilan ishtirok etgan holda, noxolislikka yo`l qo`ygani, ma`lumotlarni qalbakilashtirgani sababli viloyat jamoasiga mas`ul bo`lgan shaxslar Jahongir Murodqosimov va Ahror Mirazimovlarni futboldan butunlay chetlashtirish va ularga futbol faoliyati bilan shug`ullanish uchun berilgan lisenziya, sertifikatlarni bir umrga bekor qilish yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasiga taqdimnoma kiritilishi aytib o`tilgan.

Shuningdek, Sirdaryo viloyati futbol federasiyasi aniqlangan faktlar yuzasidan tegishli mas`ullarga keskin choralar ko`rishi va ko`rilgan choralar to`g`risida 3 kun muddatda O`zbekiston futbol federasiyasiga ma`lumot taqdim etishi belgilab qo`yilgan.

Mazkur buyruq barcha hududiy federasiyalar e`tiboriga etkazilib, yuqoridagi holatlar takrorlansa, O`zbekiston futbol federasiyasi tomonidan keskin choralar ko`rilishi to`g`risida ogohlantirildi.


Manba: www.the-uff.com

    Boshqa yangiliklar