1

XIZRNI UChRATGAN MARG`ILONLIK MOMO

Rekord 12.12.2017, 13:10
XIZRNI UChRATGAN MARG`ILONLIK MOMO

Marg`ilonlik Marhabo momo Yo`ldosheva o`zlarining tavallud sanalari haqida eslab turib, bu aynan mart oyida, o`rik gullaganda to`g`ri keladi, dedilar.

— Tug`ilgan yillari 1916 yil, — deydi biz bilan o`zaro suhbatda bo`lgan Marhabo momoning kenja qizlari Kibriyo Yo`ldosheva.

Momo yoshliklarini xotirlarkanlar, shaddod, sho`x va tanti tabiatli bo`lganliklari hamda ot minishda yigitlardan qolishmaganliklarini kulib aytdilar.

Mehnat faoliyatlarining asosiy qismi qishloq xo`jaligida o`tgan. Brigadir bo`lib 50 nafar xotin-qizga boshliq, chekka tuman aholisiga ipak qurtini boqishni o`rgatish, o`sha davrlarda savodsizlikni tugatish maqsadida yoshu keksani ta`lim olishida faol qatnashishga jalb etish kabi betinim harakatda bo`lgan Marhabo momoning ajoyib xobbilari ham bor: Dutor chalib qo`shiq, laparlar, baytlar aytish va suhbatdoshlarini qiziq voqealar bilan kuldirish aynan ularga xos.

101 yoshli momo hozir ham 15 turga yaqin mevali daraxtga boy bog` parvarishiga yo`l-yo`riq ko`rsatadilar.

— Onam har doim kichikroq erga paxta ektiradilar, — deydi suhbat orasida momoning qizlari. — G`o`za hosili pishgach, uni o`zlari terib, paxtani chigitlab yostiq-bolishlar tikadilar, bundan aslo erinmaydilar.

Hoji aya deb hamma hurmat qilgan momo umr bo`yi birovdan mutlaqo qarz olmay, mo`l-ko`lchilikda yashaganlariga yorqin sababni Xizr alayhissalomni uchratganliklari bilan bog`laydilar.

— U vaqtlarda ravon yo`llar, avtoulovlar yo`q edi, — deb eslaydilar momo, — yoshligimdan piyoda yurib chiniqqanman. Bir kuni Farg`onaning dashtli hududi Qirguli degan joyda Qirguli mozori yonidagi tepalikdan ketayotgandim. Shirmoy nonni ehson qilish uchun yo`lga otlangandim. Esimda, havo juda issiq edi. O`sha tepalikda oppoq kiyimli, oppoq soqolli hassa ko`targan chol uchradi. Salom berdim. Toliqqandek ko`rindi shekilli, cholga bitta shirmoy nonni uzatdim. Bobo “umring uzoq bo`lsin, yaxshilik ko`rgin, yomonlik ko`rmagin”, deya duo qildilar. Xayrlashib 10 qadam yurdimda, orqaga o`girilsam, oppoq kiyimli kishi g`oyib bo`lgandi. Shundan bildimki, men Xizr boboga duch kelgan ekanman. Shukr, shu paytgacha rizqim bekam bo`ldi.

Uzoq umr siri haqidagi savolga esa uning kaliti o`z vaqtida ovqatlanish va kam eyishda, toza havoda jismoniy mehnat bilan ko`p shug`ullanishda, deydilar momo.

Qizlari Kibriyo opaning aytishicha, onaxon maslahat o`rnida quyidagi o`gitlarni qayta-qayta takrorlarkanlar:

“Sabrli bo`linglar, mehnatsiz yashamanglar, mehnat qilsangiz bir mevasi ko`riladi, yaxshi kiyining, yaxshi eng — hayot bir marta beriladi, yoshlik tez o`tadi, ancha-munchaga erishib qolish kerak, keksalik davri esa uzoq bo`ladi”.

Marhabo momo Xolmatjon ota bilan ahil turmush kechirishgan. Ayni kunda qahramonimiz 6 nafar farzand — bir qiz, besh o`g`il, 25 nevara, 53 chevara, 25 nafar evaraning har bir boshlagan ishigayu, qilayotgan mehnatiga bosh-qosh.

Marhabo momodek fayzli, samarali va toza vijdon bilan o`tayotgan shirin hayot barchamizga nasib etsin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1