AsosiyJamiyat

Vatanimiz ilm-fani og`ir judolikka uchradi

O`zbekiston ilm-fani og`ir judolikka uchradi. Bioorganik kimyo sohasidagi yirik olim, kimyo fanlari doktori, akademik Abduvali Abduvahobov 73 yoshida vafot etdi.

A.Abduvahobov 1941 yili Toshkent shahrida ishchi oilasida tug`ildi. 1965 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O`zbekiston Milliy universiteti)ni tugatib, ushbu universitet aspiranturasida tahsil oldi, dastlab nomzodlik, so`ngra doktorlik dissertasiyasini himoya qildi. 1995 yilda O`zbekiston Fanlar akademiyasining a`zosi etib saylandi.

Iste`dodli olim o`zining qariyb 50 yillik ilmiy faoliyati davomida O`zbekiston Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo instituti laboratoriya mudiri, institut direktori, Fanlar akademiyasining Kimyo texnologiyasi bo`limi raisi, akademiya vise-prezidenti kabi mas`ul lavozimlarda samarali mehnat qildi va kimyo sohasining dolzarb masalalarini tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo`shdi.

Taniqli olimning kimyo fanining nazariy va amaliy masalalariga bag`ishlangan dolzarb mavzudagi maqola va risolalari, ilmiy ishlanma va ixtirolari keng jamoatchilikka yaxshi ma`lum.

Jonkuyar ustoz sifatida ko`plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan zahmatkash olimning bevosita rahbarligida o`nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlandi.

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Abduvali Abduvahobovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

                                               I.Karimov, I.Sobirov, D.Toshmuhamedova,

                                                                      Sh.Mirziyoev, Sh.Solihov 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar