O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Madaniyat vazirligi hamda “Texno Dargox” MChJ o`rtasida uch tomonlama kelishuv memorandumini imzolandi.
Ushbu memorandumga ko`ra yurtimizning SMART turizm malakati sifatida xalqaro turizm bozoridagi imidjini oshirish va sayyohlarga qulaylik yaratish uchun IT-texnologiyalaridan faol foydalanish maqsadida tomonlar "VERUM QR" qo`shma loyihasini amalga oshirishning amaliy bosqichini boshlab yubordilar.
Hozirgi kunda jahonda SMART turizm konsepsiyasi juda ham rivojlanib bormoqda, O`zbekistonda esa bu texnologiya ilk bora QR-kodlar yordamida sayyohlarga taqdim etilmoqda. Ushbu loyiha doirasida sayyoh QR-kod tasviriga ishora qilgan holda bir necha soniyadan so`ng o`z smartfoniga 12 ta tilda oson va qulay ko`rinishda yurtimizning diqqatga sazovor joylari haqidagi barcha ma`lumotni qabul qilib oladi. Shu bilan birga foydalanuvchilarga nafaqat sayyohlik obektlari haqida, balki eng yaqin mehmonxonalar, restoranlar, san`at galereyalari va boshqa arxitektura hamda tarixiy yodgorliklar haqida ham ma`lumot beriladi.
Bundan tashqari Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi bir qancha IT-kompaniyalar bilan ham SMART turizmning boshqa texnologiyalarini joriy etish yuzasidan hamkorlikni yo`lga qo`ygan. Shuningdek, “O`zbekiston Havo yo`llari” MAK va “O`zbekiston temir yo`llari” AK bilan somolyot yoki poezd jo`nashidan 24 soat oldin internet orqali elektron chiptalar hamda elektron ro`yxatdan o`tish platformasini joriy etish borasida ham ishlar olib borilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi turizm sohasini yanada takomillashtirishga xizmat qiladigan yangi axborot texnologiyalarini faol joriy etishni o`zining ustuvor vazifalaridan biri deb hisoblaydi. Aynan shu maqsadda Qo`mita ushbu sohaga qiziquvchi tomonlarni hamkorlik qilishga chaqiradi va O`zbekistonda shu kabi loyihalarni hamkor sifatida amalga oshirish uchun tayyorligini bildiradi.
15.12.2017 16:08
QR-KOD– SAYYoHLAR UChUN 12 TA TILDA O`ZBEKISTON HAQIDA MA`LUMOT BERADI






