“O`zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi axborot xizmati ma`lumotlariga ko`ra, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 29 noyabrdagi yig`ilish bayoniga asosan Yangi yil bayrami arafasida va bayram kunlarida ichki iste`mol bozorini to`ldirish, narxlarni barqarorlashtirish maqsadida bayramoldi savdo yarmarkalari tashkil etiladigan manzillar aniqlanib, yarmarka savdolarini tashkillashtirish, yarmarkalarga asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi mahsulotlarini muntazam ravishda uzluksiz etkazib berilishini ta`minlash haqida tegishli ko`rsatmalar berilgan.
Joriy yilning 29 noyabridan boshlab Toshkent shahrining 12 ta dehqon bozorlarida narxlarni barqarorlashtirish maqsadida har kuni har bir bozorda 10 tonnadan kartoshka va 5 tonnadan piyoz mahsulotlari savdosi tashkil etilmoqda.
Toshkent shahrida dehqon bozorlari hududida 5 dekabrga qadar xizmat ko`rsatishi rejalashtirilgan “Xizmat-beminnat” yangi zamonaviy savdo shahobchalarida barcha hududiy savdo-tayyorlov korxonalari omborlaridagi mavjud iste`mol tovarlari va qishloq xo`jaligi mahsulotlari keltirib, aholi ehtiyojini qondirish amalga oshirilyapti.
Shuningdek, hududlarda tashkil etilgan 150 dan ortiq savdo rastalariga 50 xildan ziyod zaruriy oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi mahsulotlari, kartoshka, piyoz, sabzi, guruch, turli meva-sabzavotlar, shuningdek keng assortimentdagi oziq-ovqatlar, qayta ishlangan mahsulotlar va ichimliklar etkazib beriladi.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida to`lovni plastik kartochkalari orqali amalga oshirish ta`minlanadi.
Yarmarka savdolari to`laqonli bo`lishi uchun uyushma tizimidagi korxonalarning omborlarida etarli miqdorda asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi mahsulotlari zaxirasi yaratilgan.
Hukumat topshirig`iga muvofiq, qo`shimcha ravishda chetdan o`simlik yog`i, shakar, sariyog`, parranda go`shti, kartoshka va boshqa mahsulotlar keltirilmoqda.






