AsosiyJamiyat

O`zbekistonda ishsizlar soni 2013 yilda 639,7 ming kishini tashkil qildi

O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi tomonidan taqdim etilgan dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, 2013 yilning yanvar-dekabr oylarida iqtisodiyotda band bo`lgan aholi soni 12523,3 ming kishini tashkil qildi va 2012 yilning shu davriga nisbatan 2,5 foizga oshdi.

Bandlar sonining sezilarli o`sish darajasi savdo, umumiy ovqatlanish, ta`minot va tayyorlov sohasida (3,7 foizga), uy-joy kommunal xo`jaligi va aholiga maishiy xizmat ko`rsatishning noishlab chiqarish turida (3,6 foizga), qurilishda (3,5 foizga), transport va aloqada (3,5 foizga), qishloq va o`rmon xo`jaligida (3,3 foizga) kuzatildi.

Nodavlat sektorida jami bandlar ulushi 81,2 foizga etdi, bu ko`rsatkich 2012 yilning shu davrida 80,7 foizni tashkil qilgan.

2013 yil dekabr oyi ohiriga mehnat idoralarida ish qidiruvchilar sifatida ro`yxatdan o`tgan aholi soni 5,4 ming kishini (2012 yilning shu davrida – 6 ming kishi) tashkil qildi.

O`zbekiston Respublikasi Hukumatining 2007 yil 24 maydagi 106-sonli qarori bilan tasdiqlangan ishga joylashtirishga muhtoj mehnat bilan band bo`lmagan aholini hisobga olish metodikasiga asosan aniqlangan ishsizlar soni 2013 yil yanvar-dekabrida 639,7 ming kishini tashkil qildi va iqtisodiy faol aholi soniga nisbatan ishsizlik darajasi 4,9 foizga teng bo`ldi.

Respublika miqyosida yuqori ishsizlik darajasi Qoraqalpog`iston Respublikasida (ishsizlar soni – 40,3 ming kishi yoki iqtisodiy faol aholi soniga nisbatan ishsizlik darajasi 6,2 foiz), Andijon (68,5 ming kishi yoki 5,4 foiz), Samarqand (76,2 ming kishi yoki 5,3 foiz), Xorazm (37,1 ming kishi yoki 5,3 foiz), Qashqadaryo (58,3 ming kishi yoki 5,2 foiz), Namangan (49,6 ming kishi yoki 5,2 foiz), Surxondaryo (47,6 ming kishi yoki 5,2 foiz) va Navoiy (22,8 ming kishi yoki 5,2 foiz) viloyatlarida kuzatildi.

    Boshqa yangiliklar