Bu haqda O`zbekiston respublikasi Prezidenti Islom Karimov 24 mart kuni qaror imzoladi.
Unga ko`ra, Toshkent shahrida Janubiy Koreyaning Inha universiteti tashkil etiladi.
O`zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari davlat qo`mitasining xabar berishicha, yangi oliy ta`lim muassasasini tashkil etishdan maqsad axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasida xalqaro standartlar darajasida yuqori malaka kadrlarni tayyorlashdan iboratdir.
Inha universiteti O`zbekiston oliy ta`lim muassasasi sifatida tashkil etiladi. Undagi ta`lim olish jarayoni Janubiy Koreyaning Inha universitetining pedagogik va axborot texnologiyalardan foydalangan holda ingliz tilida universitet o`quv rejalari va dasturlari asosida amalga oshiriladi.
Oliy o`quv yurtini bitirgan talabalarga O`zbekistonda oliy ta`lim hujjati sifatida tan olinadigan Inha universitetining tegishli namunadagi diplomlari beriladi.
Mazkur universitetga abiturientlarni qabul qilish Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi bilan kelishilgan holda, Inha universitetida o`rnatilgan tartib asosida amalga oshiriladi.
Inha universitetining o`qitish va mutaxassislar tayyoralsh bo`yicha asosiy ta`lim yo`nalishlari sifatida kompyuter injiniringi, dasturiy injiniring va kompyuter tarmoqlari injiniringi tanlangan.
Yangi universitet 2014/2015 yil uchun qabulni 1 oktyabrdan boshlashni rejalashtirmoqda.





