QORBOBOGA JO`NATILGAN XAT

Mutolaa 25.12.2017, 15:42
QORBOBOGA JO`NATILGAN XAT

«Kecha Dilshod — ukam hamma bolalarni to`pladi-da, Qorboboga xat yozishlarini topshirdi. Jurnalistikada o`qigani uchunmi, o`zicha bir nimalarni o`ylab topib yuradi-da. Qizim hali bog`cha bolasi, yozishni bilmaydi. Lekin qo`liga qog`oz va ruchka olib, bir nimalarni o`zicha yozib o`tiribdi.

Qiziqarli marosimi tugagach, Dilshod xuddi sahnada nutq so`zlayotgandek maktublarni viqor-la o`qiy boshladi. Biz eshitib, o`sha sovg`alarni tayyorab qo`yishimiz uchun-da.

Javohir «Planshet» so`rabdi, o`yin o`ynab, aqlli bola bo`lib o`tiraman deya va`da ham beribdi.

Farzonaga bo`yi-baravar o`yinchoq kerakmish, faqat aqlli bo`lishi shart ekan, darslarini tayyorlashga yordam berishini istayapti-da.

Umidga esa boks qo`lqopi, «Chempion bo`lsam, Qorbobodan ham mashhur bo`lib ketaman», deya maqtanib ham qo`ydi jiyanim.

Mana, mening qizimnikini o`qish navbati keldi. Ammo bu yozuvni men va Dilshod tugul, xitoychani biladiganlar ham tushunmaydi.

— Shahzoda, qani, senikini o`qib ko`raylik-chi? Іa, menimcha, shokolad so`ragansan.

Shirinlikxo`r Shahzoda boshini yo`q degandek chayqadi.

— Ha, topdim, akvariumda yashaydigan baliq, — dedim men o`tgan kuni dugonamnikida akvariumdagi baliqlarni ko`rib havas qilganini eslab.

U esa «Yo`q», deya Dilshodning qo`lidan xatini oldi.

— Shuni ham o`qiy olmadingizmi? — besh yashar qizim hayron bo`lib tog`asiga qaradi. Dilshod noiloj elka qisdi. — Dadamni olib kelishini so`radim Qorbobodan! Chunki Qorbobo dadamning o`rtog`i!

Dilshod bilan ikkalamiz bir-birimizga boqqancha jim qoldik, bolalar esa zum o`tmay legolarini yasashga berilib ketishdi.

Ikki oydirki, ota uyimizdamiz. Erimnikiga qaytib borishga mening g`ururim yo`l qo`ymayapti, turmush o`rtog`im esa «Senga kim ket deb aytgandi», deya olib ketishga kelmayapti... Oyim «Hamma oilada ham urush-janjal bo`ladi», deya gapira-gapira charchadi.

Bugun Shahzodaning maktubidan keyin esa fikrim o`zgardi. Qizim bayram kuni dadasining kelishidan umidvor. Ammo u kelmasa-chi? Axir erim ham o`lgudek qaysar. Demak, Yangi yilni kutish yaramaydi...

Oradan yarim soat o`tib-o`tmay turmush o`rtog`imga «SMS» jo`natdim. Ikki og`izgina, ishdan qaytishda bizni olib ketishin aytib...

Axir Yangi yilni faqat kutish emas, u tomon baxtiyor qadam tashlash ham kerak!»

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1