Shou biznes — mashhurlik, muxlislar e`tirofi, anvoyi gullar, tinimsiz olqishlar... Tashqaridan bejirim konfet qog`ozidek ko`ringan bu olamga bir bor bosh suqib ko`rgan kishi undagi turli xil xush-noxush gap-so`zlarning guvohi bo`ladi. Ayni shu vaziyatda san`atkor, nomini gardanida ko`tarib yurganlarga oson emasligini anglaymiz. O`tgan yilning oxirlariga kelib, “Nihol” mukofoti sovrindori Manzura va taqlid ustasi Sherzod BINning “muhabbati” odamlar tiliga tushdi. Albatta buni shunchaki gap-so`z deb bo`lmaydi. Chunki ular haqida gap tarqashiga etarlicha dalillar bor edi. Manzura va Sherzod Binni loyihaga taklif qilganimizda birgalikda chiqmasliklarini, o`rtalaridagi munosabatlar haqidagi gap-so`zlarga nuqta qo`yish payti kelganini aytishdi. Albatta bu bizda qiziqish uyg`otdi...
— Sizlarni birgalikda ko`rib turganimizdan xursandmiz!
Manzura: (Istehzoli kulib) Iltimos, iloji bo`lsa “birgalikda” so`zini ishlatmang!
— Sherzod, sizni Manzura bilan “Siz uchun...” nomli loyihaga chaqirganimizda, qatnashishga rozi bo`lmay, ota-onangiz qarshilik qilishayotganini aytgandingiz. Suhbatimiz avvalida shunga oydinlik kiritib o`tsangiz.
Sherzod: Manzura bilan o`rtamizdagi munosabatlar shov-shuvga aylanib, “Sherzod Manzuraga uylanar emish...” degan gap tarqalganidan xabaringiz bor. Avvaliga bu gap-so`zlar hamma qatori menga ham qiziq tuyuldi. Chunki, shou biznesda bunday shov-shuvlar har doim bo`lgan. Oradan biroz vaqt o`tib, qaerga bormay odamlardan “Manzura bilan to`yingiz qachon?” degan savolni eshitadigan bo`ldim. Ota-onamga ham tanish-bilishlari “O`g`ling Manzurani sevib qolibdimi? Manzurani kelin qilasanmi?!” kabi savollarni berishibdi. Oxiri dadam bilan onam “Tushunamiz, kasbing shuni taqazo etadi. Lekin bunday gap-so`zlarning oxiri ko`rinmayapti-ku!” deyishgandan keyin hammasiga nuqta qo`yish kerak, degan fikrga keldim.
— Yuqorida “bu mish-mishlar o`zimga ham qiziq tuyuldi” dedingiz. Demak, o`zingizga bu gap-so`zlar “yoqib tushgan”?!
Sherzod: Yo`q, bu nima deganingiz? Gap-so`zlarni atayin kimgadir buyurtma qilib, chiqarganimiz yo`q-ku!
— “Shamol bo`lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi”!
Manzura: — Ayol kishiga xushomad qiladigan, “chiroyli ekansiz” yoki “bugun juda ochilib ketibsiz”, deydiganlar hamisha topiladi. Shaxsan men har kuni shunday xushomadlarni eshitaman. Sherzod bilan o`rtamizdagi munobatlar bu tarzda tus olishi Sherzodning aynan internet orqali menga yozgan gaplaridan boshlandi.
Sherzod: — Avvalo Manzuraning tashqi qiyofasini emas, tarbiyasi, ichki dunyosini hurmat qilaman. O`rtamizda yosh jihatdan tafovut bo`lmaganida balki rostdan ham uni sevgan bo`larmidim, bilmadim. Xullas, kunlarning birida Manzuraning internetga qo`ygan bir rasmiga “Chiroyligim”, “Sizni sevaman” deb izoh qoldirdim. Aslida bunday izohlarni muxlislar har daqiqada yozib qoldirishadi. Lekin negadir aynan mening izohim odamlar, xususan jurnalistlar nazariga tushib, shov-shuvga aylanib ketdi. Bu ishlarni reklama uchun qilmagandik. Odamlarning o`zi turli gap-so`zlar bilan vaziyatni chuqurlashtirib yuborishdi.

— Ba`zi jurnalistlar sizni Yigitali Mamajonovga qiyoslashdi ham...
Sherzod: — Yigitalini juda hurmat qilaman. Bu mavzuning allaqachon siyqasi chiqib bo`ldi. Bir qizni baxtli qilib, uning hayotini quvonchga to`ldirishning nimasi yomon?! Qachongacha uni aybdorga chiqarish mumkin?
Manzura: — Ochig`i, Sherzodga internetdan og`zingga kelgan gapni yozaverma, oxiri yaxshi bo`lmaydi, deganman. Lekin gapimga quloq solmadi, mana natijasi. Odamlar birni eshitsa, mingni qo`shib gapiradi, desam ham gapimni qulog`iga olmagandi. (Jahli chiqib) Sherzod, hatto ma`murim ham sizni bir necha marta ogoxlantirdi. Bu kabi hazillarni to`g`ri qabul qilaman, biroq odamlar...
Sherzod: — Shou biznesda bunday “piar”lar doim bo`lgan va bundan keyin ham bo`ladi.
Manzura: — Shaxsan men 17 yillik ijodim davomida nomimni bunday gap-so`zlardan asrab kelgandim. Ko`chada yarim tunda yigit-qiz gaplashib turganini ko`rsam, ishi bordir-da, deb o`tib ketadiganlardanman. Lekin besh qo`l barobar emas! Qolganlar o`sha yigit bilan qiz haqida tasavvurga sig`maydigan gaplarni aytishadi.
Sherzod Bin: — Shuning uchun ham bu gaplarga nuqta qo`yaylik, deyapman-da! Ota-onam meni uylantirish taraddudiga tushishgan. Manzura ham bu yil turmush qurishni rejalashtiryapti. Onam qaysi xonadonning eshigini taqillatib bormasin, gap borib bizga taqalayotgan ekan. Hatto xalq xizmatlariga borsam ham odamlar yo`limni to`sib “Shu gap rostmi, Manzuraxon yaxshi yuribdimi?” degan kinoyali gaplarni aytishyapti.
— Yodingizda bo`lsa shoir Ahad Qayum va aktrisa Oydin Yusupova haqida ham xuddi shunday gap-so`zlar tarqalgandi. Avvaliga Oydin va Ahadning suratlari tarqaldi. So`ng Ahad ommaviy axborot vositalari orqali Oydinni sevishini ro`y-rost tan oldi. Shou biznes olamidagilar esa Ahad Oydin orqali o`zini yaxshigina reklama qilib olyapti, degan fikrga kelishdi. Hozirgi vaziyatda ham Sherzod ancha yillik tajribaga ega bo`lgan, odamlar tilidagi xonandaga xushomad qilish orqali o`zini reklama qilyapti, deganlar ham yo`q emas.
Sherzod: — Yo`q, bunchalik pastkashlikka boradiganlardan emasman. Shaxsan men bunday reklamaga rozi bo`lmagan bo`lardim. Bu gap-so`zlar bizga juda salbiy ta`sir ko`rsatyapti.
Manzura: — Albatta, bunday g`iybatlarga loyiq san`atkor emasman! Bu yo`l bilan o`z reytingimni ushlab turish ham aslo kerak emas.
— Yuqorida Sherzod “Manzura ham turmush qurish arafasida” degan gapni aytdi. Shu gap rostmi?
Manzura: — Siz qanaqa odamsiz o`zi, Sherzod (jaxl bilan)?
Sherzod: — Men nima dedim?!
Manzura: — Tilini bermasliginichi buni. Bitta gap-so`z oxiriga etmasdan, ikkinchisini o`ylab topyapsizmi? O`zi bitta shu gap etmay turgandi. Endi odamlar “To`y qachon?” deb sizdan emas, mendan so`rashlari etmayotgandi (kulib)? Aslida xonandalar Rayhon, Ziyoda, Madina Mumtoz oilali bo`lishgach Manzurani ham o`zicha turmushga beradiganlar ko`payib ketgan. Har yili meni uzatishmoqchi bo`lishadi. Turmush qurishning erta-kechi yo`q. Xudo nasib qilgan kun albatta oila quraman.
— Yaqinda ikkingizni metroda ko`rishibdi?
Sherzod: — Ha, metroga tushganimiz rost. Buning nimasi yomon?! Ko`p san`atkorlar odamlar qurshovida bo`lishdan qochishadi. Manzura metroga anchadan buyon tushmayotganini, u bilan birga er ostida sayohat qilishga sherik yo`qligini aytib qoldi. Men unga bajonidil sherik bo`ldim. Agar o`rtamizda biror narsa bo`lganda, buni odamlardan yashirgan bo`lardik.
— Manzura Sherzod bilan o`rtangizdagi munosabatlar bu tarzda keng quloch yozib ketishining asosiy sababini bilarsiz?
Manzura: — Yo`q!
— O`tgan yili Aziz Rametovning sizga uylanish taraddudida yurgani haqida eshitgandik. Shuning uchun odamlar Sherzod bilan munosabatlaringizni jiddiy qabul qilishdi.
Manzura: — Yo`g`-e, nimalar deyapsiz?! Aziz menga turmush qurish taklifini bildirganini yashirmayman. Biroq bu taklifni hazil, deb qabul qilganman. Shuning uchun ortiqcha shov-shuv ko`tarishga xojat yo`q. (Jahli chiqib) Tavba odamlarning meni qachon turmush qurishimdan boshqa muammolari yo`qmi, deyman.
— Sherzod bu mavzuga nuqta qo`yish fikri sizdan chiqqandi. Keling, so`ngi xulosani ham sizdan eshitsak.
Sherzod: Nima ham derdim xuddi aybdordek o`zimizni oqlash fikridan yiroqmiz. Suhbatni yakunlashdan avval shuni aytmoqchimanki, birovning taqdiri haqida so`z yuritishdan avval biroz e`tiborliroq bo`laylik. Yigit va qiz o`rtasidagi munosabatlarda sevgidan tashqari do`stlik rishtalari ham bo`lishi mumkinligini unutmasliklarini so`ragan bo`lardim.
P/S.: Bugun biz axborot asrida yashayapmiz. Bu shunchaki asr shiori emas. Hayotimizda bo`layotgan, biz uchun arzimas tuyulayotgan narsalar zum o`tmay odamlar tiliga tushib, muhokama maydonida asosiy mavzu bo`lmoqda. San`atkorlarimiz ham ana shuni unutmagan holda saxnada ham, hayotda ham, hatto vertual olamda ham omma e`tiborida ekanini unutishmasa maqsadga muvofiq bo`lardi. Zotan hazilning tagi zilligi birgina Sherzod Bin va Manzuraning hayotida o`z isbotini topishga ulgurdi.
Qamariddin ShAYXOV suhbatlashdi.
Fotomuxbir: Ravshan DADABOEV.





