Bugun Zangiota majmuasidan 150 kishidan iborat bir guruh ziyoratchilar Samarqand shahriga jo`nab ketdilar. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati ma`lum qildi.
Mazkur ziyorat Prezident Shavkat Mirziyoevning Samarqand viloyatiga tashrifi chog`ida muqaddas Haj va Umra safariga boradigan yurtdoshlarimizni dastavval Imom Al-Buxoriy yodgorlik majmuasi ziyoratini ado etish taklifiga asosan amalga oshirilmoqda.
Unga ko`ra Toshkent viloyatidan “Umra-2018” mavsumida ziyoratini amalga oshirishni maqsad qilgan 700 nafar ziyoratchilar ketma-ketlikda Samarqanddagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qiladilar.
Ziyoratchilar orasida Prezidentimiz farmoni bilan O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan avf etilgan, diniy oqimga adashib kirib qolgan 10 nafar fuqaro ham taklif etilgan.
Tadbir Toshkent viloyati hokimligi hamda keng jamoatchilik bilan tashkil etilmoqda.
Ko`hna Samarqand ziyorati chog`ida Al-Buxoriy, Go`ri Amir, Registon, Bibixonim, Shohizinda majmualari hamda O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilish ko`zda tutilgan.
Ushbu safar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan ichki turizmni rivojlantirish yo`nalishida ham o`ziga xos qadam bo`ladi.






