AsosiyShou-biznes

Zuhra Solieva: “Qaynonam ham meni jiddiy qabul qilmaydi”

Zuhra Solieva bu aktrisani ko`rgan kishining yuziga beixtiyor tabassum yugurishi tabiiy. Uning kulgusi beozor. Bir marotaba xandon otib kulganini eshitgan kishining yuziga kulgu yugurib, tashvishlarini unutib yuborishi ham hech gap emas.  1  aprel — Hazil va mutoyiba kunini esa aktrisa Zuhra Solievasiz tasavvur qilish qiyin. Ko`tarinki kayfiyatda bo`lib o`tgan suhbatimizdan siz ham bahramand bo`ling...

—Zuhra opa, o`tib ketgan bo`lsa-da, bahor bayramlari bilan tabriklaymiz. Siz bilan ko`rishmaganimizga ham ancha bo`ldi...

— Rahmat, bayramlar butun xalqimizga, shu qatorda sizlarga ham muborak bo`lsin! Bahor kelgach, odamlarning yuzidagi tabassumni ko`rib, yanayam ilhomlanib ketyapman.

— Zuhra Solieva deganda har bir tomoshabinning ko`z o`ngida xandon otib kulayotgan ayol gavdalansa, ajabmas. Aslida Zuhra Solieva qanday ayol?

(Kulib) Zuhra Solieva siz ta`riflagandek ayol! Dunyoda insonga tabassum qilishdek ne`mat berilgan ekan, nimaga xo`mrayib o`tishimiz kerak? Bolaligimda juda ko`p qiyin kunlarni boshdan kechirganman. Tushkunlikka tushgan damlarim juda ko`p bo`lardi. O`sha vaqtlarda o`zimni qo`lga olib, “Zuhra, sen hayotda eng kuchli, eng chiroyli qizsan, hamma narsa o`tib ketadi”, deya tabassum qilishni o`rgandim. Buni qarangki, bugun bir gapirib, o`n kuladigan bo`lib qolganman (Kulgi ko`tarildi).

— Turmush o`rtog`ingiz ancha jiddiy. U kishi bilan suhbatlashib zerikib qolsangiz kerak...

— Avvaliga til topishishimiz juda qiyin bo`lgan, lekin u kishi ham hazilga ancha o`rganib qoldi. Biror qiziq narsani ko`rib qolsak, ikkimiz bir-birimizdan o`tadigan darajada kulishamiz. Ba`zida meni xafa qilib qo`ygan paytlari yarashishning eng oson yo`li ham meni kuldirish bo`lib qolgan. Ha, yaqinda bir qiziq voqea bo`ldi: 14 yanvar — Vatan himoyachilari kunida turmush o`rtog`imga “Men bu yil sizga hech narsa sovg`a qilmoqchi emasman. Agar xafa bo`lsangiz, mayli, siz ham 8 martda menga sovg`a olmay qo`ya qoling”, dedim. (Kulib) Hamma ayollar qatori men ham ayollar bayrami kuni turmush o`rtog`imdan sovg`a kutib, o`zimga oro berdim-da, u yoqqa o`tdim, bu yoqqa o`tdim. Lekin ha, deganda turmush o`rtog`imdan sado chiqavermadi. Oxiri sabr kosam to`lib, “Menga sovg`a berish niyatingiz bormi?” dedim. “Ie-e, qanaqa sovg`a?! O`tgan safar kelishib olgandik-ku! “Menga sovg`a bermasangiz ham bo`ladi”, deb o`zing aytding shekilli”, deb qoldi. (Jahli chiqib) O`sha damda qanday ahvolga tushganimni ayollardan boshqa odam tasavvur qila olmasa kerak. Tarvuzim qo`ltig`imdan tushib, oshxonada o`z ishlarimni qilib yuraverdim. Oradan ikki soatlar o`tgach, uy telefoni jiringladi. Telefon yoniga borib, tokchadagi sovg`aga ko`zim tushdi. Keyin bilsam, xo`jayinim narigi xonadan qo`ng`iroq qilib, go`shak oldiga chaqirib, sovg`ani pinhona bermoqchi bo`lgan ekan. Keyin u kishini kechirib, aytgan taomlarini tayyorlab berdim. (Kulib) Kelasi yil ham shunday nayrang qilib u kishiga sovg`a olmasammikin, deb turibman.

— Ba`zi davralarda o`zingizni jiddiy tutishga to`g`ri kelsa...

— Bundan yomoni bo`lmasa kerak. Bir qop yong`oqman va shunday yashashni ma`qul ko`raman. Yaqinda taksiga chiqib jimgina ko`chalarni tomosha qilib ketayotgandim, haydovchi amaki “Zuhraxon, kayfiyatingiz yo`qmi, deyman”, deb qoldi. “Tinchlikmi, nega unday deyapsiz?” desam, “Sizni ekranda kulishingizni ko`raverib, shu ayolni manziliga eltib qo`ysam, meni ham bir kayfiyatimni ko`tarar, deb o`ylagandim. Chuchvarani hom sanaganga o`xshayman”, deydi. Haligi amaki bilan manzilimga qanday etib borganimni bilmay qoldim. Bir latifani tugatmasimdan u kishi boshqasini boshlaydi va aksi. Qani ayting-chi, odamlarning o`zi meni jiddiy qabul qila olmagandan keyin qanday qilib jiddiy kayfiyatda yurishim mumkin? Hatto qaynonam ham meni jiddiy holatda qabul qila olmaydi. Biror mavzuda gaplashib o`tirgan bo`lsak,  to`satdan luqma tashlab qolsam, birdan uyimiz kulgiga to`ladi.

— Hamma aktyorlarning ham filmlardagi gaplari odamlar yodida qolmaydi. Ammo sizning komediya janridagi filmlarda aytgan kulgili gaplaringiz odamlar tiliga ko`chib bo`lgan...

— O`zbek kinosi tarixida bunday aktyorlarimiz juda ko`p. Siz aytgan, odamlar tiliga o`rnashib bo`lgan o`sha gaplar aslida ssenariyda yozilgan bo`lmaydi. Biz aktyorlar vaziyatdan kelib chiqib, bor imkoniyatimizni ishga solib rolimizni ijro etamiz. Shuning uchun ularda hayotiylik yaqqol sezilib turadi. Masalan, “Boyvachcha” filmida rejissyor menga shunchaki jahli chiqib, baqiradigan ayolni gavdalantirishimni so`ragan. Buni qarangki, hech qanday ssenariysiz, o`zimning g`oyam bilan aytgan gaplarimni bugun hatto to`ylarga borsam ham so`rashadi.

— Sizni jahon kino yulduzlaridan kimga o`xshatishlarini istaysiz?

— Nima desam ekan-a? Meni kimga o`xshatishlarini bilmadim-u, lekin bollivudlik aktrisa Priti Zintaga ko`pchilik “O`zbek kinosi yulduzi Zuhra Solievaga o`xshaysan”, deb ko`pchilik aytgan ekan (kulgi ko`tarildi). Albatta men undan go`zalroqman!

— Qaysi komik aktrisalarni o`zingizga raqobatchi deb bilasiz?

— (Kulib) Men bilan raqobatlashadigan aktrisa hali tug`ilmagan-ov. Bu ham hazil albatta! Bilasizmi, tomoshabin sifatida o`zimga ham, hamkasblarimga ham baho beradigan bo`lsam, menimcha, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Muqaddas Xoliqova, aktrisa Halima Ibragimova, aktyorlardan Sobir Otajonov, Sanjar Shodiev bilan yaxshi partnyor bo`lamiz. Yuqorida nomlarini sanagan barcha aktyorlarim komik rollari bilan allaqachon tomoshabinlarning yuragidan o`rin olib bo`lishgan.

— 1 aprel – Hazil va mutoyiba kuni ham yaqinlashyapti. Bu kun siz uchun alohida nishonlanadigan bayram bo`lsa ajabmas-a?

— Nimasini aytasiz, 1 aprel menda bir necha kun avval boshlanadi. Bir vaqtlar shifoxonada hamshira bo`lib ishlaganimda tungi navbatchilk paytimda uyiga ketgan shifokorlarga qo`ng`iroq qilib, “Tez etib keling, bosh shifokorning juda jahli chiqqan, sizni so`rayapti”, deb vahima qilardim. Haligi shifokorlar yuragi hovliqib, oyog`ini qo`liga olgancha yugurib kelardi. To bosh shifokor qabuliga kirishmaguncha miq etmay yuraverardim. Keyin hammalari “Zuhra-a-a”, deb ortimdan quvlab yurishardi (kuladi). Ammo o`zimni ham bir marta juda yomon aldashgan. O`zbek milliy akademik drama teatrida ishlab yurgan kezlarim aktyor Botir Muhammadjonov qo`ng`iroq qilib, “Qaerlarda yuribsan, bugun repetisiya-ku, tez etib kel!” deb qo`ng`iroq qilgan. Oyog`imni qo`limga olib teatrga keldim. To etib kelguncha nima deb uzr so`rashni o`ylab, ich-etimni egandim. Bu safar aniq ishdan haydalaman, degan o`yda yurak xovuchlab yoniga kirib, “Meni kechiring!” desam kulib yubordi-da, “Bugun kalendarga qaramadingmi?” dedi. O`sha paytdagi ahvolimni tasavvur qilolmaysiz. Na kulishni va na yig`lashni bilaman.

Xalqimiz kulgi, mutoyibaga o`ch xalq. Tilagim har bir xonadondan quvnoq kulgular ovozi eshtilib tursin. Kulishga, tabassum qilishga arzigulik sabablar ko`p bo`lsin!

Qamariddin ShAYXOV suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar