Poytaxtimizdagi “Miran” mehmonxonasida bo`lib o`tgan kechada O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasi raisi Rustam Qurbonov, Milliy olimpiya qo`mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov va mamlakat og`ir atletika federasiyasi raisi Botir Zakirovlar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida og`ir atletika federasiyasi bir necha nominasiyalar bo`yicha g`oliblar nomini e`lon qildi va ularni diplom va esdalik sovg`alari bilan taqdirladi. Dastlab R.Qurbonov joriy yilning 30 noyabr-6 dekabr kunlari AQShning Anaxaym shahrida bo`lib o`tgan kattalar o`rtasidagi jahon chempionatining g`olib va sovrindorlariga davlatimiz tomonidan ajratilgan pul mukofotlarini topshirdi.
Xabaringiz bor, okean ortida bo`lib o`tgan jahon chempionatida O`zbekiston terma jamoasi o`z tarixida ilk marotaba musobaqani kuchli uchlikda yakunladi. Doston Yoqubov 69 kg. vazn toifasida oltin medalga sazovor bo`lgan bo`lsa, 94 kg. vazn toifasida Farxodbek Sobirov kumush medalini qo`lga kiritdi. Ivan Efremov esa 105 kg. vaznda bittadan kumush va bronza medallariga ega chiqdi. Shuningdek, Adhamjon Ergashev ( 62 kg.) delegasiyamiz hisobiga bronza medalini qo`shib qo`ydi.

Taqdirlash marosimida oltin medal sohibi Doston Yoqubovga 12 000, Farxodbek Sobirov va Ivan Efremovlarga 6 000 va Adhamjon Ergashevga 3 000 AQSh dollari miqdorida mukofot pullariga sertifikat topshirildi.
Doston Yoqubov shuningdek, O`zbekiston og`ir atletika federasiyasi tomonidan “Yilning eng yaxshi sportchisi” deb e`lon qilindi va diplom hamda esdalik sovg`asi bilan taqdirlandi. Uning ustozi Farxod Mirzadjanov esa “Yilning eng yaxshi murabbiyi” nominasiyasida g`olib chiqdi va federasiya rahbariyati tomonidan mukofotlandi.
Federasiyaning rag`batlantiruvchi mukofotlari ko`p yillik samarali mehnatlari uchun sport faxriysi, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan sport ustozi Erkin Karimov va O`zbekiston yoshlar terma jamoasi katta murabbiyi Boris Savchenkoga topshirildi. 
Federasiyaning Xorazm viloyati bo`limi terma jamoalarimizga munosib nomzodlar etishtirib berishdagi alohida faolligi va mintaqada sportning ushbu turi taraqqiyotiga qo`shgan hissasi hisobga olinib “Yilning eng yaxshi hududiy federasiyasi” nominasiyasida g`olib deb topildi.
Tadbir davomida shuningdek, O`zbekiston og`ir atletika federasiyasi raisi Botir Zakirov o`tkazilgan xalqaro seminar ishtirokchilari va mehmonlari - Milan Mixaylovich (Serbiya), Vladimir Saltikov (Rossiya) va Kulman Nsanbaeva (Qozog`iston)larga federasiyaning tashakkurnomalari va milliy urf odatlarimizga ko`ra esdalik sovg`alarini topshirdi.






