AsosiyJamiyat

O`zbekiston-Singapur ishbilarmon doiralari o`rtasida biznes-forum bo`lib o`tdi

Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida O`zbekiston va Singapur ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo`lib o`tdi. 

Tadbirda ikki mamlakatning iqtisodiyot, savdo-sanoat, sarmoya, sug`urta, bank-moliya, mashinasozlik, energetika, yuqori texnologiyalar, eksport-import, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektr texnikasi, kimyo, metallurgiya, ko`nchilik, aloqa, axborot texnologiyalari va telekommunikasiyalar, ta`lim hamda biznes-konsalting kabi sohalar uchun mas`ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.

O`zbekiston Respublikasi savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxov O`zbekiston bilan Singapur o`rtasidagi hamkorlik ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar asosida izchil rivojlanib borayotganini alohida ta`kidladi.

O`zbekiston va Singapur o`rtasidagi hamkorlik siyosiy, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda jadal taraqqiy etmoqda. Bunda investisiyalarni o`zaro rag`batlantirish va himoya qilish, daromadlarning ikki tomonlama soliqqa tortilishiga yo`l qo`ymaslik, havo transporti qatnovi va gumanitar sohalarga oid qator bitimlar huquqiy asos bo`lib xizmat qilmoqda.

O`zbekiston bilan Singapur o`rtasidagi o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 2013 yilda 47,6 million AQSh dollarini tashkil etdi. Mamlakatimizda singapurlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tuzilgan, energetika, engil sanoat, oziq-ovqat, elektron mahsulotlar ishlab chiqarish kabi sohalarga ixtisoslashgan 33 qo`shma korxona faoliyat yuritmoqda.

Anjumanda mehmonlarga mamlakatimizda biznesni rivojlantirish yo`lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, “Navoiy” erkin industrial zonasi, “Angren” va “Jizzax” iqtisodiy zonalarida yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar to`g`risida ma`lumot berildi.

Tadbirda O`zbekiston bilan Singapur o`rtasida iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo`nalishlari haqida so`z yuritildi. Savdo-sarmoya, energetika, kimyo sanoati, qurilish materiallari  ishlab chiqarish, mashinasozlik, elektr texnikasi, ko`nchilik kabi sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirish, bu yo`nalishlarda birgalikda ikki tomon uchun ham foydali sarmoyaviy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish  masalalari muhokama qilindi.

Biznes-forum doirasida O`zbekistonning qator kompaniya va korxonalari hamda Singapur ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida kooperasion birja bo`lib o`tdi. 

    Boshqa yangiliklar