AsosiyJamiyat

Eskirgan texnologiyalar oqibatida oqova suvlar etarli darajada tozalanmayotgani ma`lum bo`ldi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo`mitasi va O`zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida «Suv va suvdan foydalanish to`g`risida»gi qonunning 74-moddasi ijrosini nazorat-tahlil faoliyati tartibida o`rganish yakunlariga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo`mitasi raisi o`rinbosari P.Reymov, Toshkent shahar «Suvsoz» davlat unitar korxonasi boshqaruvchisi B.Mannonov va boshqalar ishtirok etishdi.

«Suv va suvdan foydalanish to`g`risida»gi qonunning 74-moddasida suv inshootlariga oqovalarni oqizish va bu jarayonni nazorat qilish tartib-tamoyillari belgilangan. 2013 yilda deputatlar ishtirokida tuzilgan ishchi guruh tomonidan nazorat-tahlil tartibida poytaxtimiz va Toshkent viloyatidagi «Salor», «Bo`zsuv» aerasiya stansiyalari, Bektemir suv tozalash, «Suvoqova» Chirchiq sho``ba ishlab chiqarish korxonasi tozalash inshootlari faoliyatida bu normalarga amal qilish holati o`rganilgan edi. Bu jarayonda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda qo`shma qaror imzolandi. Yig`ilishda qariyb bir yil mobaynida mazkur yo`nalishda amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

Tadbirda ta`kidlanganidek, tegishli tashkilotlar tomonidan qonun talablarini bajarish bo`yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ishlab chiqarish jarayonida suv namunalari tahlil etilmoqda. Korxonalarning kimyoviy va mikrobiologik laboratoriyalari, sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari, tabiatni muhofaza qilish idoralari mutaxassislari suvga salbiy ta`sir etkazilishining oldini olishga doimiy e`tibor qaratmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2010 yil 16 dekabrdagi «Islom taraqqiyot banki ishtirokida «Toshkent shahrining kanalizasiya tizimini takomillashtirish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi natijasida tozalash inshootlarining moddiy-texnik salohiyati yanada mustahkamlanmoqda. Poytaxtimizdagi uchta kanalizasiya inshootini rekonstruksiya qilish va yangi asbob-uskunalar bilan jihozlash bo`yicha loyiha hujjatlari tayyorlandi.

Yig`ilishda bu borada ijobiy ishlar bilan birga, kamchiliklar ham mavjudligi qayd etildi. Xususan, kommunal xo`jalik tizimi hamda qator xo`jalik yurituvchi sub`ektlarda eskirgan tozalash texnologiyalari va uskunalaridan foydalanilmoqda. Oqibatda suv tozalash inshootlariga yuqori darajada ifloslangan oqovalar tashlanmoqda. Bu suv tozalash inshootlari va aerasiya stansiyalari ish samaradorligi pasayishiga, oqovalar etarli darajada tozalanmasdan tabiatga chiqarilishiga sabab bo`layotir.

Tadbirda kommunal xo`jaligi, sanoat korxonalari va tashkilotlarga suv inshootlariga oqova oqizishda qonun talablarini bajarish, belgilangan me`yorlarga to`la rioya qilish yuzasidan tavsiyalar berildi. 

    Boshqa yangiliklar