Buxoro shahridagi avtomobil va yo`llar kolleji o`quvchisi 17 yoshli Nurmaxanov Erimbet uchun hammasi qo`qqisdan boshlandi.
...Qosh qoraygan payt edi. Kollej yotoqxonasi oldida turgan bu o`smir yoniga ikki yosh yigit keladi. Ulardan biri o`zini “profilaktika inspektori”, deb tanishtirish asnosida, tungi reyd o`tkazilayotganini bildirarkan, o`quvchidan hujjatini ko`rsatishni so`radi. Erimbet yonida pasport yo`qligini aytadi. “Profilaktika noziri” uning cho`ntagidagi “Samsung” rusumli uyali telefonini olib qo`yadi, deb yozadi O`zA.
Shundan so`ng ular o`smirga u bilan ichki ishlar organi tayanch punktidagi profilaktika inspektori xonasida suhbatlashishni aytib, shaxsiy avtomashinada o`zlari bilan olib ketadi.
“Osoyishtalik posboni” va uning sherigi o`quvchilar turar joyidan taxminan besh kilometr olisdagi Buxoro tumanidagi “Shergiron” mahalla fuqarolar yig`inidan o`tuvchi katta avtomobil yo`li yoqasida to`xtashdi. Ana shundagina Erimbet bu kishilar firibgar tunovchilar ekanligini anglab etdi. “Profilaktikachi”lar o`smir yigit yonidagi 250 ming naqd pul va akasi Sulaymon Muratov nomiga rasmiylashtirilgan plastik kartochkani ham olib, bir zumda ko`zdan g`oyib bo`ldi.
Uyali telefoni va pulidan ajralgan o`smir tunda yo`l bosib, turar joy binosiga etib keldi.
U bo`lgan voqea va amaliy yordam ko`rsatish to`g`risida Buxoro tumani ichki ishlar bo`limiga yozma murojaat qiladi. Olib borilgan tekshiruv ishlari davomida jinoyatchilar shaxsi aniqlandi. “Profilaktika inspektori” degani Buxoro tumani Ko`hnamachit qishlog`ilik 19 yoshli S.B., sherigi ham shu manzilda istiqomat qiluvchi 20 yoshli B.R bo`lib chiqdi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov ishlari olib borilmoqda.