Bosh prokuraturada respublika huquqni muhofaza qiluvchi organlarining muvofiqlashtiruvchi Kengashi yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Unda Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta`minlash departamenti rahbar va mas`ul xodimlari ishtirok etdi, deya xabar beradi Bosh prokuratura matbuot xizmati.
Yig`ilishda tergov jarayonida jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlanishi, bartaraf etilishi hamda “Surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi davomida ashyoviy dalillar, moddiy qimmatliklar va boshqa mol-mulkni olib qo`yish (qabul qilish), hisobga olish, saqlash, berish, sotish, qaytarish, yo`q qilib tashlash tartibi to`g`risida”gi Yo`riqnoma ijrosi muhokama qilindi.
Shuningdek fosh etilmagan jinoyatlar yuzasidan dastlabki tergov va tezkor-izlov faoliyati, giyovandlik vositalarining noqonuniy muomalasini oldini olishga qaratilgan tadbirlar samaradorligi hamda bu boradagi prokuror nazorati ahvoli ko`rib chiqildi.
Yig`ilishda diniy ekstremizm, terrorizm va davlatning konstitusiyaviy tuzumiga tajovuz qilish bilan bog`liq jinoyatlarga qarshi kurash, ularning oldini olish hamda bu toifadagi jinoyat ishlari bo`yicha tergov, tezkor-qidiruv ishlari ahvolini muhokama etish jarayonida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilgani bilan birga, ular faoliyatida ayrim kamchiliklar mavjudligi tanqid ostiga olindi.
Jinoyatlarni fosh etish borasida ko`rilayotgan keng qamrovli tadbirlarga qaramasdan, joylardagi ba`zi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan sustkashlikka yo`l qo`yilayotganligi ta`kidlandi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan prokuratura va ichki ishlar organlarining sohaga mas`ul rahbarlarining axborotlari tinglandi.
Muvofiqlashtiruvchi Kengash yig`ilishi yakunida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va ushbu sohalardagi faoliyat samaradorligini oshirish yuzasidan mas`ul idoralar oldiga qat`iy talab qo`yildi hamda tegishli qaror qabul qilinib, joylarga ijro qilish uchun yuborildi.





