USAID xalqaro tashkilotining “Tinchlik yo`lidagi oziq-ovqat yordami” dasturi doirasida 2 aprel kuni “Sog`lom avlod uchun” xalqaro hayriya fondi majlislar zalida AQSh ning “Resource and Policy Exchange” xalqaro tashkiloti tomonidan keltirilgan, umumiy qiymati 311 833,7 AQSh dollariga teng bo`lgan 112,5 t vitaminlar bilan boyitilgan quritilgan sabzavot sho`rvasining taqdimot marosimi bo`lib o`tdi.
Ma`lumot o`rnida aytib o`tish lozimki, 2013 yili ushbu xalqaro tashkilotdan umumiy qiymati 306 317 AQSh dollariga teng bo`lgan 112,5 t vitaminlar bilan boyitilgan quritilgan sabzavot sho`rvasi qabul qilinib, 97 ta tibbiy va ijtimoiy mussasalariga topshirilgan.
Fond “Resource and Policy Exchange” xalqaro tashkiloti bilan 2009 yildan beri hamkorlikda bir qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Ushbu muruvvat yuki Fond va uning hududiy filiallari hamda Sog`liqni saqlash tizimi tashkilotlari orqali respublikamizdagi 107 ta tibbiy va ijtimoiy muassasalariga topshiriladi.
Shuni alohida takidlash lozimki, 2013 yil davomida ham Fond o`z muruvvat yo`nalishi doirasida xayriya tadbirlarini amalga oshirishda AQShning “AmeriCares”, “TOMS SHOES” va “Resource and Policy Exchange”, Germaniyaning “Friedensdorf International”, Koreya Respublikasining “Save the Children” xalqaro tashkiloti, KOFIH xalqaro sog`liqni saqlash fondi, Finlyandiyaning “Pribory Oy” tashkiloti va boshqa xalqaro xayriya tashkilotlari tomonidan dori-darmonlar, sanitariya-gigiena vositalari, oziq-ovqat hamda tibbiy jihozlardan iborat muruvvat 104 ta muruvvat yuklari keltirilib, Respublikamiz tibbiy muassasalari, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Sahovat” uylari tarbiyalanuvchilari uchun tarqatildi.
“Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi muruvvat yo`nalishida xayriya tadbirlarini amalga oshirish, o`z Nizomi hamda Davlat Dasturlarining ijrosini ta`minlash maqsadida Respublikamizdagi tibbiy-ijtimoiy muassasalar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Sahovat” uylari, maxsus maktab internatlari tarbiyalanuvchilarini qo`llab-quvvatlash uchun dori-darmon, tibbiyot jihozlari, sanitariya-gigiena vositalari, kiyim-kechak, oziq-ovqat, nogironlik aravachalari, sport inventarlaridan iborat muruvvat yordamlarini topshirib kelmoqda.
Joriy yil davomida “Sog`lom avlod uchun” jamg`armasiga xalqaro hamkor tashkilotlar tomonidan dori-darmon, tibbiyot anjomlari, multivitamin, nogironlik aravachalari, vitaminlashtirilgan sabzavot aralashmasi ko`rinishidagi muruvvat yordamlari keltirilmoqda. Ushbu muruvvat yordamlari jamg`armaning mintaqaviy filiallari, hududiy sog`liqni saqlash boshqarmalari orqali respublikamizdagi tibbiy va maxsus bolalar muassasalariga taqdim etildi.





