AsosiyJamiyat

Poytaxtimizda 270 mingdan ziyod daraxt va 2,7 million dona gul ekiladi

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 6 martda qabul qilingan farmoyishi shahar va qishloqlarda hovli-joylarni, xiyobonlarni tartibga keltirish, yangi bog`lar barpo etish borasidagi tashabbuslar ko`lamini kengaytirishda muhim dasturilamal bo`lmoqda.

Shu kunlarda poytaxtimizdagi ko`cha va xiyobonlar, bozorlar, ta`lim maskanlari, maydonlarni obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish ishlari jadal olib borilmoqda. Mamlakatimiz bosh kentining kundan-kun chiroy ochib borayotgani mazkur soha uchun mas`ul tashkilotlarda ishning to`g`ri va samarali yo`lga qo`yilgani, shu bilan birga, yurtdoshlarimizning o`z uyi, ko`chasi, mahallasi ozodaligini ta`minlashga e`tibori oshgani samarasidir.

– Tashkilotimiz tomonidan obodonlashtirish, sug`orish inshootlarini ta`mirlash, markaziy maydonlardan foydalanish bilan bog`liq dolzarb yumushlar tizimli tarzda amalga oshirilmoqda, – deydi Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi bo`lim boshlig`i Botir Ortiqxo`jaev. – Asosiy  vazifamiz shahrimiz ko`chalari hamda Toshkent katta halqa yo`liga manzarali daraxtlar ekish va parvarishlashdan iborat. Shuningdek, kanal va ko`chalarni tozalash, yo`llarni ta`mirlash, bekatlardagi ozodalikni nazorat qilish ham doimiy e`tiborimizda.

Joriy mavsumda poytaxtimizda 270 mingdan ziyod daraxt va buta, 2 million 700 ming dona gul ko`chatlari ekish belgilangan. Ularning asosiy qismini chiroyli manzara va soya beruvchi eman, shumtol, zarang, kashtan, lola, qarag`ay kabilar tashkil etadi, deya xabar beradi O`zA.

Ko`chat ekilayotganda nafaqat ko`rkamligi, ayni paytda inson salomatligi uchun foydasi ham hisobga olinadi. Shu bois qrim va eldor qarag`ayi ekishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Ushbu daraxtlar havoni yaxshi tozalaydi. Bir gektar maydonga ekilgan ignabargli daraxtlar 200 nafar odamni sof havo bilan ta`minlaydi. Yo`l chetiga ekilganlari transport vositalaridan chiqayotgan zararli gazlarni tutib qolib, havoni tozalashga yordam beradi. Keyingi yillarda bu borada amalga oshirilayotgan izchil tadbirlar tufayli Toshkent shahrida birgina o`tgan yilning o`zida havoga chiqarilayotgan zaharli moddalar qariyb to`qqiz ming tonnaga kamaygan. Ayni paytda faqat manzarali daraxtlar ekish bilan cheklanmasdan, tegishli joylarga mevali daraxt ko`chatlari ham o`tqazilmoqda.

Joriy yilda O`zbekiston ko`chasi yoqasiga qariyb 500 dona lola daraxti ekildi. U baland bo`yi va tez o`sishi bilan boshqa daraxt turlaridan ajralib turadi. Bundan tashqari, gullar ekishga ham alohida e`tibor qaratilmoqda. Bunda ularning iqlim sharoitimizga mosligi, gullash davri hisobga olinayotir. Issiqsevar atirgullar, salqin joylarda ham yaxshi o`suvchi salviya gulining har xil turlarini ko`chalar bo`ylariga, Gollandiyadan keltirilgan petuniya gulining oq, qizil, pushti, taram va ko`k rangli turlari markaziy ko`cha va maydonlarga o`ziga xos joziba bag`ishlashi tabiiy. Bu gullar erta bahordan kech kuzgacha ochilib turishi bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, ko`chalar tutashgan hududlarda bir yuz o`ndan ziyod turli shakldagi maxsus gulxonalar yaratish mo`ljallanmoqda.

    Boshqa yangiliklar