AsosiyJamiyat

Obunachi gazetani o`z vaqtida olyaptimi?

Toshkent shahridagi Aloqa tarixi muzeyi zalida Matbuot tarqatuvchi AK tomonidan Bosma ommaviy axborot vositalarini tarqatishni yanada rivojlantirish yo`lida belgilangan chora-tadbirlar, obuna narxlarini pasaytirish borasida olib borilayotgan ishlar va nashrlarning obunachilarga belgilangan muddatda etkazib berilishini ta`minlash mavzusida matbuot anjumani o`tkazildi.

Kompaniya har yili O`zbekiston Respublikasi hududida va undan tashqarida tarqatiladigan gazeta, jurnallar va kitoblar katalogini chop etadi. Katalogga 350 dan ortiq vaqtli matbuot nashrlari va kitoblar kiritilgan. Obuna har xil narxlarda rasmiylashtirilib, abonent qutisiga yoki manzilga etkazib beriladi. Bundan tashqari kompaniya o`zining maxsus "Matbuot" kiosklariga ega. Mijozlar bu kiosklarda obunani rasmiylashtirish va o`zlari olish imkoniyatiga ega. Ushbu kiosklarda obuna rasmiylashtirish arzon narxlarda amalga oshiriladi.

«Matbuot tarqatuvchi» aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi korxonalarda vaqtli matbuot nashrlarini iste`molchiga tez va sifatli etkazib berish hamda aholiga qo`shimcha xizmatlar ko`rsatish sifatini yanada takomillashtirish maqsadida 2011-2014 yillarda tarmoqni zamonaviylashtirish, xizmatlarning yangi turlarini joriy etish bo`yicha dastur qabul qilingan. Mazkur dastur doirasida «Matbuot» do`konlarining 737 tasi joriy, 218 tasi kapital ta`mirlangan. O`rganish natijalariga muvofiq, aholi gavjum hududlarga yana qo`shimcha 128 ta, poytaxtimizdagi markaziy ko`chalarda esa 85 ta yangi tipdagi «Matbuot» do`konlari ochildi.

Mushtariylarga qulaylik yaratish maqsadida 840 ta «Matbuot» do`konlari orqali obuna rasmiylashtirish tashkil qilindi.

Bugungi kunda obuna buyurtmalari elektron ko`rinishda ham amalga oshirilmoqda. Kompaniyaning www.akmt.uz veb-sayti orqali davriy nashrlarga obuna qilish yo`lga qo`yilgan.

Obuna to`lovlarini plastik kartochkalar orqali qabul qilishni tashkillashtirish maqsadida kompaniya shaxobchalarida terminallar soni 273 taga ko`paytirildi. Shu bilan birga, VEB SUM, INTERNET BANKING va KLIK to`lov tizimlari orqali obuna uyushtirishga va hisob-kitob ishlarini amalga oshirishga imkon yaratilgan.

Ma`lumot uchun: “Matbuot tarqatuvchi” AK o`z faoliyatini 2000 yil aprel oyidan boshlagan. Mazkur kompaniyani tuzishdan asosiy maqsad Respublika bo`yicha vaqtli matbuot nashrlarini tarqatuvchi tuzilmani tashkil etishdir.

Agar sizda vaqtli matbuot nashrlarining tarqatilishi borasida savollar tug`ilsa, Matbuot tarqatuvchi AKning quyidagi ishonch telefonlariga qo`ng`iroq qilishingiz mumkin: 8 (371) 234-85-81

Bundan tashqari, har bir hududdagi aloqa tashkilotlarida fuqarolar murojaati uchun maxsus nazorat telefonlari o`rnatilgan. Siz obuna bo`lish uchun u erga borganingizda ushbu telefon raqamlarini yozib oling. Keyinchalik obuna masalasida muammo yuzaga kelgan taqdirda unga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo`lasiz.

Obunachini gazeta qoniqtirmasa...

Agar sizni obuna bo`lgan gazetangiz qoniqtirmasa yoki o`rniga boshqa gazetani olish xohishi paydo bo`lsa, buni o`sha gazetaga obuna bo`lgan joyda yilning istagan vaqtida qayta rasmiylashtirishingiz mumkin. Bunda siz istagan ma`lum bir gazeta uchun belgilangan narxini to`lashingiz (oldingi to`lovingiz bilan o`rtadagi farqni to`laysiz xolos), yoki umuman obunani bekor qilib, pulingizni qaytarib olishingiz mumkin.

ShUNINGDEK...

Siz respublikamizning barcha shahar va tumanlaridagi Matbuot tarqatuvchi aksiyadorlik kompaniyasining bo`limlarida, matbuot shaxobchalari (kiosklar), pochta bo`limlari va boshqa xususiy obunani rasmiylashtiruvchi tashkilotlarda naqd pul va pul o`tkazish hamda plastik kartochkalar orqali bemalol to`lovni amalga oshirishingiz mumkin.

Vaqtli matbuot nashrlarni obuna orqali tarqatish xizmati maxsus lisenziyani talab qilmaydi. Shu bois, bu xizmatni tahririyatlarning o`zi yoki istagan yuridik, jismoniy shaxslar va xususiy tadbirkorlar orqali ham amalga oshirishi mumkin. Hozir respublikamizda bunday xususiy matbuot tarqatuvchilar juda ko`pchilikni tashkil etadi. Ana shunday ayrim obuna agentliklarida har bir nashr chop etilishi bilan mijoz istagan joyda (ofis, uy, hatto ko`chada), istagan paytda (ertalab, kunduzi, kechqurun) egasining qo`liga topshiriladi.

    Boshqa yangiliklar