1

O`zbekistonlik bolalar nemis shifokorlar ko`rigidan o`tishadi

Jamiyat 04.04.2014, 10:12
O`zbekistonlik bolalar nemis shifokorlar ko`rigidan o`tishadi

3-10 aprel kunlari Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti mutaxassislari Jizzax va Sirdaryo, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Samarqand va Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlaridagi bemor bolalarni tibbiy ko`rikdan o`tkazishadi.

Shuningdek 8-9 aprel kunlari Fondning tibbiy-ijtimoiy markazida Farg`ona, Andijon, Namangan, Toshkent viloyati va Toshkent shahridagi bemor bolalarni tibbiy ko`rikdan o`tkazishadi.

Ko`riklar 4 aprel kuni Jizzax shahri viloyat ko`ptarmoqli bolalar tibbiy markazida, 5 aprel kuni – Samarqand shahri viloyat ko`ptarmoqli bolalar tibbiy markazida, 6 aprel kuni – Qarshi shahri viloyat ko`ptarmoqli bolalar tibbiy markazida, 7 aprel kuni – Buxoro shahri viloyat ko`ptarmoqli bolalar tibbiy markazida.

Tibbiy ko`rik natijalariga ko`ra eng og`ir deb topilgan bemor bolalar joriy yilning avgust oyida Germaniyaning nufuzli klinikalarida davolanish uchun 6 oydan 3 yilgacha bo`lgan vaqtga jo`natiladi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 19 fevraldagi Qarori bilan tasdiqlangan “Sog`lom bola yili” Davlat dasturining 49-bandiga muvofiq, bolalarni respublika klinikalarida va tibbiyot markazlarida hamda chet elda sog`lomlashtirish, shu jumladan: nogiron bolalarni Germaniya klinikalarida tezkor davolash; kam ta`minlangan oilalardagi yuqori lab va qattiq tanglayning tug`ma nuqsonlari bo`lgan va oyoqlarning tug`ma nuqsonlari (maymoqlik) va bo`yin qiyshayishi bilan bog`liq tug`ma ortopedik kasalliklarga chalingan bolalarni tezkor davolash, kuyishning asoratlari bo`lgan bolalarni plastik operasiyalar qilish borasidagi ishlarda “Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining alohida o`rni bor. Fond onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, kam ta`minlangan oilalardagi bemor bolalarni ijtimoiy va tibbiy jihatdan qo`llab-quvvatlash borasida muhim ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Shu maqsadda, Fond tomonidan bemor bolalarni chet el nufuzli klinikalarida davolash uchun maxsus dastur ishlab chiqilgan.

2002 yilda “Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti tomonidan uch tomonlama hamkorlik bitimi imzolangan edi. Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti 1967 yili tashkil topgan bo`lib, 35 dan ortiq davlatlar bilan o`zaro xamkorlik qiladi. Hamkorlik doirasida 12 yoshgacha bo`lgan bemor va nogiron bolalarni davolash va reabilitasiya qilish bilan shug`ullanadilar.

Ma`lumot o`rnida aytib o`tish joizki 2013 yilning 18-25 aprel kunlari Germaniyalik mutaxassislar tomonidan respublikamiz hududlaridagi jami 500 nafarga yaqin bemor bolalar tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, 40 nafar bemor bolalarning hujjatlari Germaniya klinikalarida davolash uchun tanlab olingan.

Shuningdek, joriy yilning 12 fevral kuni esa Toshkent Xalqaro Aeroportidan 13 nafar bemor bolalar Germaniya klinikalarida davolanish uchun Germaniyaga jo`nab ketib, o`tgan yillar davomida Germaniyaga davolanish uchun jo`natilgan 13 nafar bemor bolalar davolanish kurslarini o`tab, 16 fevral kuni sog`lomlashtirilib yurtimizga qaytishdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1