1

17,7 ming AQSh dollarini yashirincha olib chiqmoqchi bo`lgan shaxsni “Keles” temir yo`l chegara bojxonachilari qo`lga olishdi

Jamiyat 04.04.2014, 10:27
17,7 ming AQSh dollarini yashirincha olib chiqmoqchi bo`lgan shaxsni “Keles” temir yo`l chegara bojxonachilari qo`lga olishdi

Ma`lumki, respublikamizda rezidentlarga 2000 AQSh dollari ekvivalentidagi, norezidentlarga esa bojxonaga taqdim etilgan deklarasiyaga muvofiq respublikaga keltirilgan valyuta miqdoridagi naqd xorijiy valyutani bojxona bayonnomasida yozma qayd etish sharti bilan erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi.

Ko`rsatilgan miqdordan ortiqcha naqd xorijiy valyutani olib ketishga O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki yoki xorijiy valyuta bilan operasiyalarni o`tkazishga asosiy lisenziyasi bo`lgan vakolatli banklarning ruxsati bilan yo`l qo`yiladi.

Ammo, joriy etilgan mazkur tartiblarga buysunmay, naqd horijiy valyutalarni yashirincha olib chiqishga urinishlar ham uchrab turibdi.

Bangkokka otlangan chet el fuqarosi N.Kazlovaning “parvozi” biroz kechikdi, sababi u Toshkent xalqaro aeroportida 5200 AQSh dollarini ichki kiyimlariga yashirgancha olib chiqishga uringan paytda to`xtatib qolindi. “Cho`kayotgan odam xasga yopishadi” deganlaridek, qoidabuzar bojxonachilarga O`zbekiston Respublikasi bojxona qonunchiligini yaxshi bilmasligini ro`kach qildi. Ammo, endi bu bahona uni javobgarlikdan ozod qila olmaydi.

Shuningdek, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan “Toshkent-Novosibirk” aviareysi yo`lovchilaridan biri, rossiyalik N.Gilmutning ham qing`ir qilmishlariga nuqta qo`yishdi. Qarang-ki, bojxona bayonnomasida 1800 AQSh dollarini olib chiqib ketayotganligini qayd qilgan bu ayol qo`l sumkasiga yashirilgan 6710 AQSh dollari haqida  bayonnomada ham, bojxona xodimining og`zaki so`rovi paytida ham ma`lum qilishni “unutib” qo`ydi, deya xabar beradi DBQ matbuot xizmati.

 “Do`stlik” chegara-bojxona kompleksida esa qo`shni davlatga 10 ming AQSh dollarini charm kurtkasiga yashirgancha olib chiqishga uringan M.Mamadjonov andijonlik bojxonachilar tomonidan to`xtatib qolindi. Qing`ir qilmishi oshkor bo`lgan qonunbuzar bojxonachilar oldida er chizishdan narisiga o`ta olmadi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan ham shu turdagi yirik bojxona qoidabuzilishining oldi olindi. “Toshkent-Ufa” yo`nalishida yo`lga chiqqan poezd yo`lovchilari “Keles” temir yo`l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan bojxona ko`rigidan o`tkazilganda, yo`lovchilardan biri, fuqaro R.Farxutdinovaning qo`l yuklari orasida 17710 AQSh dollari yashirincha olib chiqilayotganligi fosh qilindi.

Endilikda yuqorida ismlari ta`kidlangan shaxslar javobgarlikka tortilishi va pul mablag`larining davlat foydasiga musodara qilinishi muqarrardir.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Ta`kidlash joizki, 2014 yilning o`tgan davri mobaynida respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlagan 171 ta qonunbuzarlik holatlarida 758 mln. so`mdan ortiq ekvivalentdagi naqd horijiy valyutalarning noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1