Biz sevib o`qiydigan, miriqib tomosha qiladigan kitob va filmlarning qahramonlarini yaqin do`stimizdek qabul qilsak-da, bu personajlar uydirma ekanligi doimo shuurmizning bir burjida turadi. Bu safar esa biz muhlislarimizga goho yozuvchilar o`sha mashhur qahramonlarini chin hayotda yashab o`tgan insonlardan ko`chirganlarini aytib o`tmoqchimiz. Mana, o`zingiz ularning ba`zi birlari bilan tanishishingiz mumkin...
Iblis bilan bitim tuzgan Dorian Grey
Atoqli ingliz shoiri va adibi Oskar Uayld XIX asrning 80-yillari so`ngida vatandoshi shoir Jon Grey bilan tanishadi va bu shoir adibning o`sha mashhur “Dorian Grey portreti” deb nomlangan asari uchun protip bo`ladi (eslatib o`tamiz – ushbu asarni marhum faylasuf tarjimonimiz Ozod Sharafiddinov o`zbekchalashtirgan). Ashadiy dekadent shoir, aqlli, xushro`y va jizzaki Jon Grey abadiy yosh va ko`rkam Dorian Grey obrazini yaratishni Oskar Uayldning diliga soladi. Mashhur roman e`lon qilingach, ko`pchilik Jon Greyni asar qahramoni ismi bilan chaqira boshlaydi, shoirning o`zi ham Uayldga yozgan bir xati so`ngida “Dorian” deb imzo chekadi. Eng qizig`i shundaki, Dorian Greydan farqli o`laroq, Jon Grey oradan o`ttiz yil o`tib dabdaba-yu as`asada hayot kechirishdan voz kechib, katolik cherkovi ruhoniysiga aylanadi.

Jeyms Bond – aslida “josuslar qiroli” Sidney Reylimi?
Jeyms Bondning prototipi borasida hamon bahs-munozaralar tinganicha yo`q, shunisi ham borki, bu obraz umumlashmadir (muallif sobiq razvedkachi Yan Fleming qahramoniga o`z xususiyatlarini ham qo`shib ketgan). Lekin ko`pchilikning fikricha, personaj asl kelib chiqishi rossiyalik bo`lgan, “josuslar qiroli” britaniyalik razvedkachi Sidney Reyli bilan o`xshash jihatlar juda ko`p.

Piter Pen – Maykl Devis
Piter Pen haqidagi ajoyib kitobni yozishga yozuvchi Jeyms Barrini do`stlari Silviya va Artur Devisning o`g`illari turtki bo`lgan. Yozuvchi devislar oilasi bilan anchadan beri do`st tutingan bo`lsa-da, garchi ularning beshovlon o`g`illarini tanisa-da, aynan to`rt yashar Maykl Piter Penning asardagi timsoliga aylanadi. Darvoqe, Kensington bog`idagi Piter Penning haykalida Mayklning yuzi aks etgan.

“Uoll-stritdan chiqqan bo`ri” – broker Jordan Belfort
Yodingizda bo`lsa, o`tgan yili Hollivudning megayulduzi Leonardo Di Kaprio “Omon qolgan” vestern filmidagi obrazi uchun “Oskar”ning “Eng yaxshi aktyor” nominasiyasida g`olib bo`lgan edi. Undan oldingi yili esa Leo o`z ampluasidan biroz chetga chiqib, firibgar va olchoq birja brokeri obrazini yaratgan edi. Ha, Leoning ushbu rolini chinakam kinomuxlislar unutishmagan. Taqdir birja brokeri Jordanni cho`qqiga olib chiqadi-yu, keyin esa er bilan yakson qiladi. Avvalboshda u go`zal va engil hayot oqimiga boshi bilan sho`ng`iydi, so`ngra bozordagi qimmatbaho qog`ozlar oldi-sotdisida firibgarligi uchun ikki yilga yaqin turmada o`tirib chiqadi. Qarangki, ozodlikka chiqqach, Belfort qo`l qovushtirib o`tirmadi: ko`rgan-kechirganlari haqida ikkita kitob yozdi va ilhomlantiruvchi-notiq sifatida seminarlar o`ta boshladi. O`zining talqinicha, Belfortning muvaffaqiyat asosiy kalti quyidagicha edi: “O`zingizga cheksiz ishonch ila harakat qiling, ana shunda odamlar sizga ishonishadi. Misli ko`rilmagan muvaffaqiyatlarni egallagandek qadam bosing, ana shunda siz chindan ham muvaffaqiyatga erishasiz!”

Anna Karenina –Pushkinning qizi Mariya
Ulug` rus adibi va mutafakkiri Lev Tolstoy o`zining sevimli asari bo`lmish “Anna Karenina”ning prototipi hech qachon yashirib o`tirmagan. Bu timsol – qizligida familiyasi Pushkina bo`lgan Mariya Aleksandrovna Gartungdir. “Rus nazmi shamsiyasi”ning suyukli qizi otasiga judayam o`xshardi va uning ham qismati Annaniki kabi oson kechmagan.
Mariyaning portretiga razm solib, Lev Tolstoyning tasavvuridagi Anna Karenina qanday bo`lganini anglash mumkin. arablarnikiga xos jingalak soch (ha, ishonavering, Pushkinning tomirlarida arab qoni oqqan), to`lishgangina, biroq nafisligu nazokat barq urib turmish sumbat, fahm-farosat va aql-idrok ufurib turgan chehra – bularning barchasi Gartungga xos xususiyatlardir. Boyaqishning taqdiri “changalzor”lar aro o`tadi. Ehtimolki, bo`lg`usi fojiani Mariyaning siymosidan uqib olgandir (o`z his-tuyg`ulariga erk bergan Anna Kareninaning taqdiri fojia bilan yakunlanishini ko`pchilik adabiyotsevarlarimiz bilsa kerak).

Adme.ru






