1

Yurtimizdagi 102 ta davlat arxivida 1,2 ming nafar xodim ishlaydi

Jamiyat 04.04.2014, 11:56
Yurtimizdagi 102 ta davlat arxivida 1,2 ming nafar xodim ishlaydi

Milliy matbuot markazida arxiv xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish, akademik lisey va  kasb-hunar kollejlari, oliy o`quv yurtlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalalariga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O`zarxiv” agentligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz markaziy davlat arxivlari, Toshkent shahri va viloyati arxiv ishlari boshqarmalari mutaxassislari hamda xodimlari, Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti o`qituvchi va talabalari ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.

Davlat va idora arxivlari xodimlarining chuqur bilim, malaka va ko`nikmaga ega bo`lishi arxiv ishini rivojlantirishning muhim omillaridan biridir. Shu maqsadda mamlakatimizda arxivshunoslik, ish yuritish sohalari mutaxassislarini tayyorlash va qayta tayyorlashning samarali tizimi yaratildi. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 26 avgustda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasida arxiv ishini yanada rivojlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo`lmoqda.

“O`zarxiv” agentligi bosh direktori o`rinbosari D.Ko`charovaning ta`kidlashicha, bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat ko`rsatayotgan 102 davlat arxivida 1,2 ming nafar xodim mehnat qilayotir.

Xodimlar malakasini oshirish maqsadida 2006 yildan buyon markaziy davlat arxivlari huzurida “Idora arxivlari faoliyatini tashkil etish asoslari”, “Ish yuritishning zamonaviy asoslari va madaniyati” o`quv kurslari faoliyat ko`rsatmoqda. Mazkur kurslarda arxiv va tashkilotlarning uch mingdan ziyod xodimi o`z malakasini oshirdi.

O`quv jarayonida idora arxivlari xodimlari arxiv hujjatlari bilan ishlash ko`nikmasiga ega bo`lmoqda, ularni to`g`ri jamlash, hisobga olish va foydalanishni o`rganib, sohaga taalluqli so`nggi me`yoriy hujjatlar bilan tanishmoqda.

Matbuot anjumanida “O`zarxiv” agentligi sohaga yosh va faol mutaxassislarni jalb qilish borasida ham izchil ishlarni amalga oshirayotgani qayd etildi. Jumladan, so`nggi yillarda arxivlarda bunday mutaxassislar 2,5 barobar ko`paydi. Bu borada 28 o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasasi va uchta oliy o`quv yurti bilan mustahkam hamkorlik yo`lga qo`yilgan bo`lib, ushbu o`quv muassasalari bitiruvchilari mamlakatimiz arxivlarida mehnat qilayotir.

“O`zarxiv” agentligi tomonidan mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash borasidagi  ishlarning davom ettirilayotgani O`zbekistonda arxiv ishini yanada rivojlantirish imkonini berayotgani ta`kidlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1