1

To`ydagi janjal fojiaga aylandi

Jamiyat 05.04.2014, 10:57
To`ydagi janjal fojiaga aylandi

Xalqimiz o`zining to`y va hashamlari bilan dovrug` qozongan. Boisi, to`ylarimiz doimo ko`tarinki ruhda, shodu xurramlik bilan o`tadi. Quvonarlisi, bunday marosimlarda qarindoshlar, yaqinlar jamuljam bo`lib, dildan suhbat quradilar, uzoq vaqt ko`risha olmaganlar shu bahona ko`rishadilar. To`y ularni bir-birlari bilan yanada yaqinlashtiradi. Afsuski, quyida bayon etiladigan voqeada buning aksi bo`ldi. To`yda chiqqan janjal oxir-oqibat ayanch­li fojia bilan intiho topdi.

2013 yil 11 yanvar kuni Chiroqchi tuman markazida joylashgan "Yoshlar Madaniyat markazi" to`yxonasida o`tkazilayotgan Otaqul Eshonovning (ism-familiyalar o`zgartirilgan) nikoh to`yida uning yaqinlari-yu, qarindosh urug`lari jam bo`lishdi. Ular qatori O`rmon Olimov ham turmush o`rtog`i Dilrabo Husanova hamda farzandlari Sharifa va Sohibjonlar bilan tashrif buyurgan edi.

O`.Olimov bazmni biroz tomosha qilib o`tirgach, yaqinlarining stoliga o`tdi. U erda qarindoshi Sayfulla Muradov ham bo`lib, ular nima uchundir chiqisholmas, oralarida avvaldan adovat bor edi. Shuning uchun bo`lsa kerak, S.Muradov O`.Olimovga bu stol­ga o`tirmaslikni aytib, uni haydaydi. Oqibatda ikkalasi janjallashib qoladi-yu, o`zini haqoratlangandek his qilgan O`.Olimov piyo­ladagi aroqni S.Muradovning yuziga sepib yuboradi va mastligi tufayli o`zini boshqara olmay, unga tashlanadi. S.Muradov esa o`zini himoya qilish maqsadida bo`sh shisha bilan O`.Olimovning boshiga uradi. Janjalga Otaqulning o`g`li Sohibjon aralashadi. Bu orada Sohibjon peshonasiga bo`shagan shisha zarbasini qabul qilib oladi.

Asablarini jilovlay olmagan ota-o`g`il zumda qaerdandir oshxona pichog`i topib kelib, S.Muradovni o`ldirish maqsadida unga tashlanishadi. Ammo to`yxonadagilar ularni ajratib qo`yishadi. Pichoqni esa tortib olib, otib yuborishadi.

S.Muradov bo`lsa to`yxonadan chiqib, avtomashinasiga o`tiradi-da, uyi­ga ketib qoladi. "Raqiblar"ining bunday harakatidan ota-o`g`ilning ko`ksidagi qasos o`ti yanada alanga olib ketadi. Undan o`ch olish maqsadida ortidan tushishadi. Manzilga etib borgach, avtomashinadan tayoq olib, S.Muradovning uyiga bos­tirib kirishadi.

— Hoy, Sayfulla, buyoqqa chiq. Erkakchasiga gaplashib olamiz, — deya baqiradi O`.Olimov.

Ularning ovozini eshitgan uy egasi hovlisiga chiqishi bilan unga tashlanishadi. Tepib yiqitgach, tayoq va belkurak bilan S.Murodovni turmush o`rtog`i hamda qizining ko`z o`ngida ayovsiz kaltaklashadi. S.Muradov hushsiz holatga kelgandan so`ng o`lgan deb o`ylab, voqea joyidan qochib ketishadi. Yo`l-yo`lakay tayoq hamda belkurakni daryoga otib yuborishadi.

Qarindoshlari zudlik bilan S.Muradovni shifoxonaga olib borishadi.

Qarindoshidan "boplab" o`chini olgan bo`lsa-da, O`.Olimov hali alamidan chiqmagan ekan. Og`ir tan jarohati olib, hayot bilan olishib yotgan S.Muradov Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam markaziga olib kelinganligini eshitgan "mushtumzo`r" shifoxonaga etib kelib, bu erda ham janjal uyushtiradi. U kasalxonada bemorning holidan xabar olish uchun kelgan jab­diydaning qarindoshlari F.Shodmonov, T.Yaxshiboev va A.Niyoz­qulovlarni urib-do`pposlaydi.

Afsuski, shifokorlar tomonidan tibbiy yordam ko`rsatilishiga qaramasdan, oradan bir oydan oshiq vaqt o`tib, Sayfulla Muradov shifoxonada vafot etadi.

Qonunlari ustuvor yurtda jinoyat jazosiz qolmaydi. Inson hayotiga qasd­dan xavf solib, uning joniga tajovuz qilgan kimsalarning bunday harakatlarini hech narsa bilan oqlab bo`lmaydi. Jinoyat ishlari bo`yicha Qashqadaryo viloyat sudi ota-o`g`ilning qilmishlariga qonuniy jazo tayinlab, hukm chiqardi. Unga ko`ra, O`rmon hamda Sohibjon Olimovlar umrlarining 19 yilini simto`rlar ortida qarshi olishadi.

Afsuski, jahlni boshqara olmaslik bir oilaning ikki a`zosiga pand bergan bo`lsa, ikkinchi xonadondan yana bir kishini hayotdan bevaqt olib ketdi.

O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining “Huquq” gazetasi materiali asosida tayyorlandi

Otabek ShOIMOV, Bosh prokuratura bo`lim prokurori

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1