AsosiyJamiyat

NAMANGANDA BIR YILDA 100 DAN ORTIQ ERTA NIKOHNING OLDI OLINDI

'NAMANGANDA BIR YILDA 100 DAN ORTIQ ERTA NIKOHNING OLDI OLINDI'ning rasmi

Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Namangan viloyati kengashi boshqaruvining 2017 yil faoliyati yakunlari va 2018 yildagi ustuvor vazifalari ijrosiga bag`ishlangan yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA ma`lum qildi.

Hisobot ma`ruzasida qayd etilishicha, Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha viloyat kengashi ijro apparati tomonidan Prezidentimizning 2017 yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni asosida barcha tashkiliy vazifalar izchil amalga oshirildi.

Jumladan, 770 fuqarolar yig`inida jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan fuqarolar yig`ini raisining o`rinbosarlari – yoshlar masalalari hamda keksalar va faxriylar ishlari bo`yicha maslahatchilar saylovi o`tkazildi.

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasiga ko`ra, mahalla va oilalarda ijtimoiy-ma`naviy muhitni o`rganish va aniqlangan muammolarni hal etish bo`yicha 480 mingdan ortiq oilaning ahvoli o`rganilgan. Bu jarayonda 6 ming oiladagi turli nizolar bartaraf etilib, 2 ming 500 dan ziyod oilaning ajralib ketishi hamda 100 dan ortiq erta nikohning oldi olingan.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo`qotgan oilalar, yakka-yolg`iz qariyalar, nogironlar hamda tabiiy ofatdan jabr ko`rganlarga 250 million so`mlikdan ziyod moddiy yordam ko`rsatilgan. 43 fuqarolar yig`ini binosi ta`mirlanib, 6 tasi rekonstruksiya qilingan, 7 tasi yangidan qurilgan.

Sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari aholi orasida keng muhokama qilinishi va sayyor sudlarda ko`rib chiqilib, joyida ijobiy hal etilishi natijasida jinoyatchilik o`tgan yilga nisbatan 14 foizga kamayishiga erishilgan.

Yig`ilishda amalga oshirilgan ishlar bilan birga, yo`l qo`yilgan kamchiliklarga ham tanqidiy baho berildi. Jumladan, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi bo`yicha talab darajasida monitoring olib borilmagan. Bu, o`z navbatida, dastur bo`yicha noreal hisobotlar taqdim etilishiga sabab bo`lgan. Ijro intizomi bugungi kun talabidan ortda qolayotgani, komissiyalar faoliyatidagi sustkashlik, targ`ibot tadbirlarining samarasi pastligi, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash talab darajasida emasligi tizim faoliyati samaradorligiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda. Bu umumiy jinoyatchilik kamaygan bo`lsa-da, 770 mahallaning bor-yo`g`i 160 tasida jinoyat sodir etilmaganida ham o`z ifodasini topmoqda.

Yig`ilishda tashkiliy-uslubiy, axborot-tahlil va statistikada axborot texnologiyalarini rivojlantirish, yoshlar, faxriylar bilan ishlashni muvofiqlashtirish, ommaviy sportni rivojlantirish bo`yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

2018 yilda dasturlar ijrosini ta`minlash, o`tgan yilda yo`l qo`yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vazifalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis palatalariga taqdim etgan Murojaatnomasi, Konstitusiyamizning 25 yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi ma`ruzasi asosida belgilab olindi.

    Boshqa yangiliklar