AsosiyJinoyat

BUKRINI GO`R TUZATADI

' BUKRINI  GO`R  TUZATADI'ning rasmi

Karima (ism-shariflar o`zgartirilgan) uy yumushlarini bajarib bo`ldi-yu, uxlash uchun bolalari yotgan xonaga kirdi. Anchagacha uxlolmay, xayol surib yotdi. Turmush o`rtog`i ishlash uchun Rossiyaga ketgandan beri shu ahvol, “Nima edi ekan? Qaerlarda yuribdi ekan?” degan o`y-xayollar unga sira ham tinchlik bermaydi. “Soat ham o`n ikki bo`libdi, uxlash kerak...” deb o`yladi Karima. U hali to`liq uyquga ketib ulgurmay, xona eshigining g`iyqillab ochilishidan ko`zi moshdek ochildi. Chiroq o`chganligidan kimligini tanimadi, xona o`rtasida begona erkak paydo bo`ldi. Karima qo`rqqanidan “Kimsan?” deb baqirib yubordi, biroq ovozi o`zidan boshqa odamga eshitilmadi. Erkak baquvvat qo`llari bilan uning bo`ynidan bo`g`di.

– Baqirma, agar yana qichqiradigan bo`lsang, bo`g`ib o`ldiraman! Meni Komil bandit deb atashadi.

Bu gapdan keyin Karimaning ko`z o`ngiga erining sinfdoshi, qo`shni mahallada yashovchi, muqaddam bir necha marotaba sudlangani uchun “Komil bandit” deb nom olgan yigit keldi.

– Sizga bu erda nima bor? Chiqib keting, bo`lmasa, hozir qayin akamni chaqiraman.

– Meni qayin akang, qamoq bilan qo`rqita olmaysan. Ilgariyam bir necha marotaba o`tirib chiqqanman. Yo`qotadigan hech nimam yo`q. Agar baqiradigan bo`lsang, o`zingni sharmanda qilaman. Qayin akangga meni keliningizni o`zi chaqirdi deyman.

Uning tuhmatidan keyin Karimaning dami ichiga tushib ketdi, ammo alamiga chidolmadi.

– O`g`irlik qilmoqchimisan? O`z do`stingni uyiga o`g`irlikka kirishga uyalmaysanmi? Vijdoning bormi? – dedi u jahldan qaltirab.

Ayolning gapidan Komilning g`azabi qaynab, uning jag`iga bir musht tushirdi. Shovqindan uxlab yotgan bolalar ham uyg`onib ketdi. Komil ularga ham dag`dag`a qildi:

– Ovozlaringni chiqarma, g`ing desalaring so`yib ketaman!

Uning bu gapidan keyin bolalar ham jim bo`lib, onasining pinjiga tiqilishdi.

– Agar bu erga kelganimni birovga og`zilaringdan gullaydigan bo`lsalaring, o`ldiraman! – dedi Komil va shartta burilib, xonadan yugurib chiqib ketdi.

Karima anchagacha o`ziga kelolmadi, qo`rqib ketgan bolalarini tinchlantirib, sekin boshqa xonalarga mo`raladi. Mehmonxonadagi sandiq ustiga yig`ilgan ko`rpa-to`shak sochilib yotar, sandiq ichidagi narsalar ham tashqariga uloqtirilgandi. Shunda Komil haqiqatan ham o`g`irlik qilish uchun kirganligini angladi. Bu haqda qayin akasiga aytmoqchi bo`ldi, ammo Komilning “Agar aytsang, keliningizni o`zi meni chaqirdi deb aytaman”, degan so`zlari yodiga tushdi. U qanday yo`l tutishni bilmay, dardini ichiga yutdi, bolalariga ham bo`lgan voqeani hech kimga aytmaslikni tayinladi.

Oradan bir haftacha vaqt o`tdi. Karima odatdagidek, soat 23.00 lar atrofida uxlash uchun bolalarining oldiga kirdi. Xonaga ko`chadagi simyog`och chirog`idan yorug`lik tushib turardi. Shu payt birdan simyog`och chirog`i o`chib, atrofga qorong`ilik cho`kdi. Karimani vahima bosdi, kimdir sekingina derazani chertdi. U qo`rqa-pisa derazaga yaqinlashdi. Deraza tagida Komil turardi.

– Karima, chiq darvozani och! – dedi u buyruq ohangida.

Deraza tagida turgan Komilni ko`rib, Karimaning tili kalimaga kelmay qoldi.

– Yana nimaga kelding? Ket bu erdan, bo`lmasa qaynotam bilan qayinakamni chaqiraman, – dedi u qaltirab.

Ammo uning bu gapidan keyin Komilning g`azabi qaynab, bo`ralab so`kishga tushdi. Qo`rqib ketgan Karima hamma narsani unutib, ovsini Masturaning oldiga yugurdi. Mastura turmush o`rtog`i bilan tashqariga chiqib qaraganda Komil qochib ketgandi. Qattiq qo`rqib ketgan Karima ilgari ham Komilning uyga bostirib kirib qo`rqitganligini, “birovga aytsang, o`ldiraman”, degan gaplarini qayin akasiga oqizmay-tomizmay aytib berdi.

Bu gaplardan keyin u qayin akasi bilan Chinoz tuman ichki ishlar bo`limiga olib borib, Avazov Komilning ustidan ariza bilan murojaat etdi.

O`tkazilgan surishtiruvlar davomida Avazov Komil ilgari ham shu mahallada yashovchi fuqaro D.Husanboevaning uyda yo`qligidan foydalanib, o`g`irlik qilish maqsadida uyiga kirganda, voyaga etmagan qizi Husanboeva M. uni tanib qolganligi, u qizga tan jarohati etkazib, Karima kabi uni ham birovga aytsa, o`ldirish bilan qo`rqitganligi ma`lum bo`ldi.

Avazov Komil avvaliga aybini bo`yniga olishni istamay, o`zini turli maqomga solib ko`rdi. Ammo keltirilgan dalil-isbotlar natijasida aybiga iqror bo`lishdan boshqa iloj topolmadi. U o`zining qasddan sodir etgan harakatlari bilan o`g`irlik, o`zganing mol-mulkini uy-joyga g`ayriqonuniy ravishda kirib, yashirin ravishda talon-taroj qilishga suiqasd qilganlikda va takroran o`g`irlik jinoyatini sodir etishda ayblanib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Lola Shoimova

    Boshqa yangiliklar