“Toshkent” respublika fond birjasi hamda Yaponiya fond birjasi o`rtasida hamkorlik to`g`risida memorandum imzolandi.
Qimmatli qog`ozlar bilan muomala ko`lami bo`yicha jahondagi eng ilg`or tashkilotlardan biri bo`lgan Yaponiya fond birjasi bilan imzolangan memorandum O`zbekiston va Yaponiya qimmatli qog`ozlar bozorlarini yanada rivojlantirish, ikki mamlakatning fond bozorlarini o`rganish, o`zaro tajriba va axborot almashishga yo`naltirilgandir.
– Mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani bizni g`oyat quvontiradi, – dedi Yaponiya fond birjasi boshqaruv menejeri Kotaro Yamazava O`zA muxbiriga bergan intervyusida. – Mazkur memorandum qimmatli qog`ozlar sohasidagi aloqalarimizni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. O`zbekistonlik sheriklarimiz bilan hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishdan manfaatdormiz.
Memorandumga muvofiq anderrayting va listing tartibotlari, bozor holati tahlili bo`yicha axborot almashiladi, fond bozorini rivojlantirishda aksiyadorlik kompaniyalarining ishtiroki yanada kengaytiriladi.
Yurtimizning barcha hududlarida yuzdan ortiq brokerlik idoralariga ega “Toshkent” respublika fond birjasi qimmatli qog`ozlar bozorida asosiy savdo maydonidir. Birjaning Tokio, Shanxay, London, Frankfurt, Istambul va Singapur fond birjalari bilan yaqin hamkorligi yo`lga qo`yilgan. “Toshkent” respublika fond birjasi Evroosiyo fond birjalari federasiyasi hamda MDH mamlakatlari birjalari xalqaro uyushmasining a`zosidir.





