AsosiyJamiyat

“Tashabbus – 2014” g`oliblariga Prezident sovrini – «Spark» avtomobili topshirildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus – 2014” ko`rik-tanlovining respublika bosqichi nihoyasiga etdi.

Tadbir O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Fermerlar kengashi va “Hunarmand”  uyushmasi, tegishli vazirlik va idoralar ko`magida tashkil etildi.

Joriy yilda ushbu ko`rik-tanlovda o`n ming nafarga yaqin tadbirkor, fermer va hunarmand ishtirok etdi. Fevral oyi oxirida yakunlangan tuman va shahar bosqichlari g`oliblari viloyat bosqichida qatnashish huquqini qo`lga kiritdi. Viloyat bosqichlarining eng munosib 41 nafar g`olibi esa “Tashabbus – 2014” ko`rik-tanlovining mamlakat bosqichiga chiqdi.

«Turkiston» saroyida tanlov g`oliblari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning keng ko`lamli ko`rgazmasi tashkil etildi. Unda qishloq xo`jaligining eng so`nggi yutuqlari, sanoat va hunarmandlik sohasidagi  yangiliklar namoyish etildi. Ushbu ekspozisiya va umuman «Tashabbus – 2014» tanlovi  iste`dodli va fidoyi tadbirkor, fermer va hunarmandlarni kashf etdi. 

An`anaga ko`ra, g`oliblar nomi «Turkiston» saroyida tantanali ravishda e`lon qilindi.

G`oliblar uchta asosiy – «Yilning eng yaxshi tadbirkori», «Yilning eng yaxshi fermeri» va «Yilning eng yaxshi hunarmandi»  yo`nalishlari, shuningdek, «Yilning eng yosh tadbirkori», «Yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli», «Eng yaxshi innovasion loyiha», «Yoshlar uchun eng ko`p ish o`rinlarini tashkil qilgan tadbirkor», «Eng yaxshi oilaviy biznes», «Mening Vatanim – mening faxrim» hamda «Yilning eng yaxshi eksportchisi» kabi maxsus nominasiyalar bo`yicha aniqlandi.

«Yilning eng yaxshi tadbirkori» nominasiyasida Namangan viloyatidagi «Iftixor kiyim sanoat» mas`uliyati cheklangan jamiyati direktori Anna Dobrix g`olib bo`ldi. Uning korxonasi bolalar, erkaklar va ayollar liboslarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.         

Sirdaryo viloyatidagi «Ahmadiy» fermer xo`jaligi rahbari Bahodir Kenjaev eng yaxshi fermer deb topildi. U rahbarlik qilayotgan xo`jalik paxta va g`alla etishtirish, qoramol parvarishlash, go`sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug`ullanadi.

Andijon viloyatidan Abdimalik Madraimov yilning eng yaxshi hunarmandi, deb e`lon qilindi. Usta milliy musiqa asboblari tayyorlashning unutilgan an`analarini qayta tiklamoqda.       

«Tashabbus – 2014» ko`rik-tanlovi g`oliblariga diplomlar va  mamlakatimiz Prezidentining sovrini – «Spark» avtomobillari, maxsus nominasiyalar sovrindorlariga esa pul mukofotlari va qimmatbaho sovg`alar  topshirildi.

    Boshqa yangiliklar