1

Vyacheslav Avakov: “Islom Karimov juda baquvvat va sog`lom inson edi”

Jamiyat 15.01.2018, 11:41
Vyacheslav Avakov: “Islom Karimov juda baquvvat va sog`lom inson edi”

Vyacheslav Avakov: “Islom Karimov juda baquvvat va sog`lom inson edi”

Birinchi Prezidentimiz, buyuk davlat va siyosat arbobi, mustaqilligimiz asoschisi Islom Karimov tavalludining 80 yilligi arafasida O`zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri Prezidentning shaxsiy shifokori, Toshkent tibbiyot akademiyasi anesteziologiya va reanimatologiya kafedrasi professori, Respublika shoshilinch tibbiy yordam o`quv markazi direktori Vyacheslav AVAKOV bilan suhbatlashdi.

– Yigirma besh yil davomida Islom Karimovday buyuk insonning yonida ishlash baxtiga muyassar bo`lganimdan xursandman. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov bilan 1991 yilning oxiri 1992 yilning boshlaridan tanish bo`lganman. O`shanda sog`liqni saqlash vaziri tomonidan Prezidentning tibbiyot xizmatini tashkil etish maqsadida jalb etilgan edim. U paytlar bu xizmat mavjud bo`lmagan. Hatto, Prezident shamollab qolganida ham atrofida unga qaraydigan mutaxassis yo`q edi. Prezidentning bir daqiqa ham, bir soniya ham yonida tibbiyot xodimisiz bo`lmasligini ta`minlashga harakat qilardim. Shunday xizmat tashkil etish zarur ediki, kunu tun, uyda ham, ishda ham, hatto yo`lda ham Prezident va oilasi, uning yonidagi xodimlarning salomatligini nazorat qilish zarur edi. Shifokorlar Prezidentning rafiqasi Tatyana Akbarovna va boshqa oila a`zolari ishtirokida tanlab olinardi. Biz ana shunday tibbiyot xizmatini tashkil etdik.

Albatta, Prezident tibbiyot xizmatiga ko`p hollarda uning o`zi emas, balki atrofdagilar murojaat qilardi. Chunki Islom Karimov juda baquvvat va sog`lom inson edi.

Prezidentimiz o`ziga mas`uliyatni ko`p olardi, tinimsiz xorijiy safarlarda bo`lar va mamlakatimizni xalqaro hamjamiyatga tanishtirishga intilardi. Bu esa juda mashaqqatli ish bo`lib, Islom Abdug`anievich esa bu ishni yanada murakkablashtirar edi. Masalan, qaysidir xorijiy davlatga tashrifga doir protokolda bu tashrif uch kunga mo`ljallangan bo`lsa, Islom Karimov uni maksimal darajada qisqartirar, rasmiy uchrashuvlar orasidagi tanaffuslarni deyarli o`chirib tashlar edi. U kishining dam olishi zarurligi haqidagi gaplarimizni keskin rad etardi.

U kishi o`zini ayamas edi. Chunki u paytlar davr murakkab edi. Mustaqil O`zbekiston endi o`zini tiklayotgan, dunyo miqyosida tan olinishiga harakat qilayotgan davlat edi. Xalqaro jamoatchilik Afg`oniston, Pokistonni bilishini, lekin O`zbekiston haqida eshitmaganini aytishar, Prezident esa O`zbekiston – mustaqil, katta salohiyatga ega davlatligini ta`kidlashdan charchamasdi. Tez-tez xorijga safar uyushtirardi.

Islom Karimov Avakov bn.jpg

Esimda, qaysidir yili adashmasam Gollandiyaga borgan edik. Mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashuvda Islom Karimov O`zbekistonning iqtisodiy salohiyati haqida juda to`lqinlanib gapirib, investorlarni jalb etishga harakat qildi. Uning nutqi barchada katta taassurot qoldirdi. O`sha payt bir tadbirkor kelib, “Siz bilan uchrashishdan oldin xaritadan O`zbekistonni uzoq qidirdim, lekin topolmadim” deganda, Prezidentimiz “O`zbekistonni xaritada topish qiyin emas, chunki uning maydoni to`rtta-beshta Gollandiyaning maydoni bilan barobardir” deya hazil mutoyiba bilan oqilona javob qilgan edi. Bugun O`zbekistonni dunyo taniydi. Bularning barchasida Islom Abdug`anievich Karimovning xizmati katta, deb bilaman.

O`tgan yillar davomida Islom Karimovni kuzatib, shuni angladimki, u juda yuqori ish qobiliyatiga ega inson edi. Sutkasiga yigirma olti soat ishlardi, desam mubolag`a bo`lmaydi. Chunki u ish grafigini juda tig`iz qilib qo`yar, hatto uni tibbiy ko`rikdan o`tkazish uchun shu grafikka moslashishga harakat qilardik. Yilda bir martagina chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazishga arang ko`ndirardik. Axir qirqdan oshgandan keyin har bir inson yilda kamida bir yo ikki marta tibbiy ko`rikdan o`tishi zarur. Davlat rahbari esa inchunun.

Biz uni tushunardik. Shu bois unga jismoniy yuklamalarni ko`paytirishni boshladik. Prezident bilan katta tennis o`ynardik, yugurardik. Islom Karimov qisqa fursat ichida tennis o`ynashni shunchalar yaxshi o`zlashtirdiki, bir necha oyda barchamizni, hatto, sparring sherigini ham ortda qoldirdi. Keyinchalik yosh o`tgan sari ham tennis o`ynashni kanda qilmadi. Bu uning o`z oldiga qo`ygan maqsadiga etishish uchun barcha qiyinchiliklarni engib o`tishga qodirligidan dalolatdir.

Hayotimning yigirma besh yili davomida u kishi bilan yonma-yon yurdim. Uning uzoqni ko`ra bilish qobiliyatiga har doim tan berganman. Ayniqsa, qurilish va bunyodkorlik borasidagi ishlarga katta ahamiyat berardi. Bino qurilishida shamolning yo`nalishini, quyoshning tushishini inobatga olardi. Xalqning farovonligini, yaxshi hayot kechirishini o`ylardi.

Har shanba Islom Abdug`anievich bilan ko`rishib, Do`rmondagi bog`ni sayr qilardik. Bu bog` qarovsiz yotgan o`ttiz ikki gektar erda u kishining tashabbusi bilan tashkil etilgan edi. Bilasizmi, hozir shu bog` Toshkent shahrining tom ma`noda aytganda “o`pka”si hisoblanadi. Ya`ni shahar havosining toza bo`lishida bu bog`ning ahamiyati katta.

U o`ziga va atrofdagilarga nisbatan o`ta talabchan edi. Masalan, qaysidir jismoniy yuklamani bajarish chog`ida, yoki ishdan tashqari oila davrasida o`tirganda ham faqat ish haqida, xalq va davlat haqida qayg`urardi. Biz uni chalg`itishga harakat qilar, lekin barcha urinishlarimiz deyarli zoe ketardi. U doim “Men ishdan chalg`iy olmayman!” deb ta`kidlardi. Islom Karimov borlig`i bilan o`zini ishga bag`ishlagan inson edi. Ishonasizmi, yigirma besh yil davomida biron joyga, ya`ni xorijdagi nomi chiqqan dam olish maskanlariga borib hordiq chiqarganini eslay olmayman. Nari borsa, o`zimizdagi Qaynarsoyga borib, shanba va yakshanba kunlari ikki-uch kun dam olardi, xolos.

Tug`ilgan kuni juda oddiy, faqat yaqinlarigina ishtirokida o`tardi. Ortiqcha sarf-harajatga, san`atkorlarning kelib xizmat qilishiga yo`l qo`ymasdi. Yana bir jihatni tan olish kerak: u kishi qanchalik talabchan va qattiqqo`l bo`lsa, shunchalik mehribon va samimiy edi. Bu bir-biriga qarama-qarshi xususiyatlar doim yonma-yon edi. Har qanday muammoni aniq va qat`iy hal qilardi. Oilasida ayoliga, bolalariga, nevaralariga ba`zan qattiqqo`llik qilar, lekin ko`pincha mehribon edi. Islom Abdug`anievichning oila a`zolari bilan qanday munosabat qilishiga havasimiz kelar va u kishiday bo`lishga intilardik.

U do`stlikni qadrlardi. Do`st bo`lishga ahd qildimi, haqiqiy do`st bo`lardi. Shaxmat o`ynayotgandami, hordiq chiqarayotgandami ba`zan bolalik, yoshlik xotiralarini eslashni, o`sha paytlardagi do`stlari haqida gapirib berishni yaxshi ko`rardi. Qaysidir bayramdami, biron bir sana bilan bog`liq yig`indami Tatyana Akbarovna bilan birga Islom akaning bolalikdagi, yoshlikdagi do`stlarini taklif qilardik. Islom Karimov bolaligi, yoshligi haqida maroq bilan gaplashgan do`stlaridan minnatdor bo`lar, aksincha, o`zining muammolarini aytib, u kishidan foydalanib qolish payida bo`lganlar bilan esa aloqani uzardi. Chunki Islom Karimovning muammolari oldida u kishiniki dengizdan tomchiday edi. Shunday paytlarda men Islom akaga “Siz o`zingizni biz bilan solishtirmang. Axir siz bilan bizning oramizda osmon bilan erchalik farq bor. Masalan, yomg`ir yog`sa men oddiy odam sifatida soyabon olib chiqish haqida o`ylasam, siz esa odamlarning uyidan chakki o`tmayaptimi, ekinlarga nima bo`ladi, qish sovuq kelsa, nima qilamiz, deb butun xalqni, mamlakatni o`ylaysiz” deb tasalli berardim. U kishi esa kulib qo`ya qolardi.

Islom Karimov biron narsa qilmoqchi bo`lsa, sitqidildan qilardi. Bir kuni Islom aka to`satdan: “Siznikiga mehmonga boramiz!” deb qoldi. Shoshib qoldim, darrov ayolimga qo`ng`iroq qilib, tayyorgarlik ko`rib turishini aytdim-da, o`zim yo`lga tushdim. Uyga bordik, Islom aka, hamma joyni ko`zdan kechirib chiqdi. Biroz gurung qilib o`tirdi. Aslida kelishidan maqsad mening turmush sharoitim bilan tanishish, mening misolimda mamlakatda professorlar qanday hayot kechirayotganini bilish edi.

Ha, u Vatanini, xalqini chin yurakdan yaxshi ko`rardi. Shunchalik yaxshi ko`rardiki, qiyosi yo`q edi. Masalan, bir yili Braziliyaga bordik. Mehmonxonaga joylashdik. Islom Karimovning xonasining derazasidan okean, sohil, palmalar ko`rinib turardi. Juda go`zal manzara edi. Manzaraga qarab “Go`zallikni qarang!” deb hayratimni bildirganimda, u kishi “Bizda bundan ham chiroyliroq joylar ko`p!” degandi. Bu so`zlar uning qalbidan chiqqan samimiy so`zlar edi.

Men chin ma`nodagi vatanparvarlikni Islom Karimovdan o`rgandim. U farzandlarimning ancha yildan beri Amerikada yashashini bilar va doim “bir kunmas, bir kun sen ham ketasan” derdi. Men u kishiga “Nega ketar ekanman? Men shu erda tug`ilib o`sdim, ta`lim oldim, ish topdim, oila qurdim. Men Vatanimga kerakman. U yoqda hech kimga kerak emasman” derdim. Bundan u kishi mamnun bo`lardi. Men va`damga sodiq qolishga harakat qilaman.

So`nggi o`n yilda biz nafaqat Prezident va shifokor sifatida, balki do`st, aka-uka sifatida muloqot qilardik. Ba`zan xalqning hayoti, yashash tarzi, ahvoli, kayfiyati haqida so`rar, men u kishiga “Bir marta do`konlarimizni borib ko`ring, hamma narsa bor. Shahar va qishloqlarimizni ko`ring” derdim.

Bir safar “Islom Abdug`anievich, nega bizda konvertasiya yo`q? Axir boshqa davlatlarda bor-ku!” deb savol berdim. U shunday oddiy va aniq javob berdi-ki, lol qoldim. O`shanda “Bilasanmi, bir kun kelib konvertasiya ham bo`ladi. Hozir bizning iqtisodiyotimizda muammolar ko`p. Zavod-fabrikalar qurishimiz kerak. Uning uchun eng zamonaviy uskunalar kerak. Uskunalar esa chetdan valyutada keltiriladi. Agar konvertasiyani yo`lga qo`ysak, biz valyutani maishiy, mayda-chuyda narsalarga ishlatib yuboramiz. Biz valyutani zavod va fabrikalarga sarflashimiz va iqtisodiyotimizni ko`tarib olishimiz kerak” degandi.

Islom Karimov oqilona va uzoqni o`ylab ish yuritadigan buyuk inson edi. Mamlakatimizni eng og`ir damlarda ham oyoqqa turib olishida, iqtisodiyotimizning rivojlanishida, xalqning tinch-osoyishta va farovon hayot kechirishida Birinchi Prezidentimizning hissasi katta.

Yuqorida aytib o`tganimday, u kishi baquvvat va sog`lom edi, sog`ligidan shikoyat qilmasdi. 26 avgust kuni hammamiz Tatyana Akbarovnaning tug`ilgan kunini nishonladik. Islom Abdug`anievich soat to`qqizlarda ishdan keldi, hammamiz bir oila a`zolaridek chiroyli dasturxon atrofida hazil-huzul qilib o`tirdik. Islom akaning ham kayfiyati a`lo edi. Ertasiga esa u kishining sog`ligi keskin yomonlashgani haqida eshitdik. Zudlik bilan etib borib, Islom Abdug`anievichni shifoxonaga olib bordik. Mening xayolimda esa bir savol aylanaverardi: qanday qilib shunday sog`lom odam birdan yiqilishi mumkin?!

Mening aka-ukalarim yo`q edi, bittagina opam bor edi. Birinchi Prezidentimiz vafot etganlarida o`zimning tug`ishgan akamni yo`qotganday bo`lganman.

Mendan ko`pincha “baxtiyormisan?” deb so`rashadi. Men “Albatta” deyman. Chunki Islom Karimovday buyuk insonning yonida o`tgan yigirma besh yil men uchun katta hayotiy maktab bo`ldi. Islom Karimovdan Vatanni, xalqni sevishni, yurtning, tabiatning go`zalligidan bahra olishni o`rgandim.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1