AsosiyJamiyat

448 nafar tadbirkor $207,3 millionga teng eksport shartnomalari tuzishda ko`mak oldi

Poytaxtimizda Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining eksportini qo`llab-quvvatlash jamg`armasining yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Unda O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo, Iqtisodiyot vazirliklari, Davlat bojxona qo`mitasi, «O`zstandart» agentligi, sug`urta kompaniyalari, tijorat banklari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari vakillari ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.

Mamlakatimizda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish hajmi va korxonalarning eksport salohiyati yildan-yilga oshmoqda. Davlatimiz rahbarining 2013 yil 8 avgustda qabul qilingan “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari eksportini qo`llab-quvvatlash borasidagi qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori asosida tashkil etilgan mazkur jamg`arma tadbirkorlik sub`ektlarining o`z mahsulotini tashqi bozorga chiqarishida yaqindan ko`maklashmoqda. Bu esa jahon andozalariga mos mahsulot ishlab chiqarishni rag`batlantirish, yangi ish o`rinlari yaratishga xizmat qilmoqda.

Joriy yilning o`tgan davrida jamg`armaga besh yuz ellikdan ortiq tadbirkorlik sub`ekti mahsulot va xizmatlarni xorijga eksport qilishda yordam so`rab murojaat qildi. 450 ga yaqin murojaat ijobiy hal etilib, tadbirkorlarga tashkiliy-huquqiy, moliyaviy xizmatlar ko`rsatildi.  Jumladan, 448 tadbirkorlik sub`ektiga umumiy qiymati 207,3 million AQSh dollariga teng eksport shartnomalari tuzishda ko`maklashildi.

2014 yilda korxonalarda sifat menejmenti tizimlari (SMT)ni joriy etish maqsadida “O`zstandart” agentligi bilan hamkorlikda hududlardagi bir qator korxonalar o`rganildi. Ellikdan ziyod korxonada jamg`arma moliyaviy ko`magida xalqaro standartlarga asosan SMTni bosqichma-bosqich joriy etish  ishlari olib borilmoqda.

Tadbirda jamg`armaning “O`zbekinvest”, “Kafolat”, “O`zagrosug`urta” kabi sug`urta kompaniyalari bilan birgalikda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari uchun bir qator engilliklarni ishlab chiqqani ma`lum qilindi. Xususan, sug`urta mukofoti tariflari kamaytirildi, eksport shartnomalarini sug`urtalashda sug`urta mukofot tariflarini hisoblashning yagona uslubiy tizimi ishlab chiqildi.

Yig`ilishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari, fermer xo`jaliklarining eksport salohiyatini oshirish, ularga yangi bozorlarga chiqish, xalqaro ko`rgazma va yarmarkalarda ishtirok etish uchun moliyaviy yordam ko`rsatish, raqobatbardosh tovarlarni jahon bozoriga etkazish yuzasidan  tavsiyalar berildi. 

    Boshqa yangiliklar