1

Press-xolning onlayn matbuot anjumani yakuniga etdi

Jamiyat 15.01.2018, 17:09
Press-xolning onlayn matbuot anjumani yakuniga etdi

Bugun O`zbekiston Milliy matbuot markazida O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan “O`zbekistonda turizmni rivojlantirish istiqbollari va uning mamlakat iqtisodiyotidagi ahamiyati” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan mahalliy va xorijiy mamlakatlarning jurnalistlari ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanida O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi A.Abduhakimov tomonidan mamlakatimiz turizm salohiyatini tubdan yangilash, tizimda yagona davlat siyosatini amalga oshirish, tarixiy-madaniy merosni keng targ`ib qilish, 2017 yilda mamlakatimizga kelgan xorijiy va mahalliy sayyohlar soni, 2018 yilda kutilayotgan natija, turizmni rivojlantirish borasidagi huquqiy asoslar, xavfsiz turizm konsepsiyasi va milliy turizm mahsulotlari va brendlarini xalqaro turizm bozoriga kirib borishini ta`minlash to`g`risida OAV vakillariga axborot berildi.

O`tgan davr mobaynida turizm sohasining qonunchilik asosini mustahkamlash, sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishni takomillashtirish doirasida O`zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Turizm to`g`risida”gi Qonun loyihasi hamda 30 ta normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgan bo`lib, ulardan 22 tasi qabul qilindi hamda amalga oshirilmoqda.

2017 yilda respublikaga tashrif buyurgan sayyohlar soni 2 mln. 520 ming nafardan ortiqni tashkil etib, 2016 yilga nisbatan 24,3 foizga oshgan.

Shu bilan bir qatorda, hozirda turizm xizmatlari eksporti 2016 yilga nisbatan 24 foizga oshib 1 mlrd. 557 mln. AQSh doll.ni tashkil etmoqda.

Shuningdek, 2017 yil davomida jami 101 ta joylashtirish vositalari va 128 ta turoperatorlik xizmatlarini ko`rsatuvchi tadbirkorlik sub`ektlari tashkil etilib, ularning bugungi kundagi soni 851 ta joylashtirish vositalari va 561 ta turoperatorlarni tashkil qiladi.

Hozirda turoperatorlik va mehmonxona faoliyatini setifikatlashning tasdiqlangan yangi nizomi bo`yicha o`tgan davr mobaynida jami 442 ta turizm xizmatlarini ko`rsatuvchi tadbirkorlik sub`ektlari, ya`ni 221 ta mehmonxona va 221 ta turoperatorlik xizmatlarini ko`rsatuvchi sub`ektlar sertifikatlangan bo`lsa, turizm faoliyati sub`ektlarini lisenziyalashning yangi nizomi asosida jami 128 ta tadbirkorlik sub`ektlariga turoperatorlik faoliyatini amalga oshirish xuquqini beruvchi lisenziyalar taqdim qilindi.

Hozirgacha Turizm sohasidagi kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish Respublika markazi tomonidan 1060 nafar mutaxassis: 298 nafari qayta tayyorlandi, 292 nafari malakasi oshirildi, 470 nafari seminar va master-klasslarda ishtirok etishdi.

Hududiy dasturlarda belgilangan Buxoro va Samarqand shaharlarida “Qadimiy Buxoro” va “Samarqand Siti” turizm zonalarini tashkil qilish, umumiy hisobda 450 taga yaqin loyihalarni amalga oshirish, shu jumladan 50 ta madaniy meros ob`ektlarini restavrasiya va konservasiya qilish, 50 tadan ortiq mehmonxonalar qurish va qayta tiklash, 100 taga yaqin umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko`rsatuvchi ob`ektlarni barpo etish bo`yicha ishlar olib borildi.

Bundan tashqari, o`tgan davr mobaynida jahon hamjamiyatini mamlakatimizning turizm salohiyati to`g`risida xabardor qilish maqsadida 20 dan ortiq davlatning OAV vakillarining O`zbekistonga tashriflari tashkillashtirilib, ularning tashriflari natijasida 1250 dan ortiq informasion materiallar bosma va elektron OAV nashrlarida joylashtirildi. Bugunga qadar 920 dan ortiq xorijiy bosma va elektron OAV nashrlari bilan hamkorlik yo`lga qo`yilgan. Shuningdek, hozirda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasining http://uzbektourism.uz/ veb-sayti hamda https://www.facebook.com/uzbektourism.uz ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali o`zining internet foydalanuvchilariga doimiy tarzda ma`lumot bermoqda va targ`ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1