1

Registondan Toshkentgacha 5 kunda yugurib kelgan ijodkor

Jamiyat 16.01.2018, 10:09
Registondan Toshkentgacha 5  kunda yugurib kelgan ijodkor

Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi Payshanba Siyob mahallasida yashovchi dramaturg Shokir aka Ahrorov “Buyuk tarix bag`ridan, buyuk kelajak ostonasigacha” shiori ostidagi yugurish bo`yicha shaxsiy marofonini o`tkazdi. Buni u Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga bag`ishladi. Shokir aka 22 avgust kuni ertalabki soat 10 da Samarqandning Registon maydonidan yugurib chiqib, 27 avgust kuni soat 2120da Toshkentning Novza metrosiga etib keladi. 28 avgust kuni ertalab Amir Temur xiyobonida uni O`zbekiston Jismoniy tarbiya va sport qo`mitasi hamda O`zbekiston Milliy matbuot markazi vakillari kutib olishadi.

BOLALIGIDA SPORTChI BO`LIShNI ISTAGANDI, AMMO...

Shokir aka 50 yoshda. Bolaligidan sportchi bo`lishni orzu qilgan. Sportga bo`lgan qiziqishi uni Samarqand shahridagi A.T.Makarenko nomli fizkultura texnikumiga etaklab keldi. O`qib yurgan kezlari sportning engil atletika turi bo`yicha Qashqadaryoda o`tkazilgan respublika musobaqasida chempionlikni qo`lga kiritib, sport ustasi nomzodi bo`ldi. Lekin ijodga bo`lgan ishtiyoqi baland kelib, hozirgi O`zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakltetida tahsil oladi.

Kinoixlosmandlari uning asarlari asosida suratga olingan “Qabrdan qaytgan umr” seriali, “Shabbona”, “Shiringina armonim”, “Chimildiqqa otilgan o`q”, “Shaharlik olifta” filmlari orqali yaxshi tanishadi.

— O`zingizga qaysi sohani yaqin olasiz, sportnimi yoki ijodni?

— Sportni ham, ijodni ham yaxshi ko`raman. Yugurayotgan paytimda ijodimni xayolimda pishitaman.

— Ushbu marofonni tashkil qilishdan maqsadingiz nima edi?

— Maqsadim sog`lom turmush-tarzini hamda ushbu sport turini ommaviy targ`ib qilishdan iborat.

— Bunga qadar ham shunday targ`ibot ishlari bilan shug`ullanganmisiz?

— 1993 yilda mamlakatimiz hududini 22 kun deganda velosipedda aylanib chiqqanman.

— Menimcha, manzilga velosipedda etib borishdan ko`ra, yugurib borish qiyinroq bo`lsa kerak...

— Agar yugurish texnikasiga amal qilsangiz xohlagan manzilgacha yugurib etib borishingiz mumkin.

— Tongdan-tungacha sheriklarsiz yugurib, zerikib ketmadingizmi?

— Yurtimizning go`zal tabiati manzaralari, turli hududlardagi odamlarning turmush-tarzi, urf-odatlari, xatti-harakatlaridan zavqlanaman, ilhomlanaman. Ularni tomosha qilish, kuzatishdan zerikmayman. Aytaylik, marofonning ikkinchi kunining nihoyasi Jizzax viloyatining Mirzacho`l tumani dalalariga to`g`ri keldi. Atrof faqat polizlardan iborat. Undan anqiyotgan qovun-tarvuzlarning yoqimli isi dimoqni qitiqlaydi. Shu tun qovunchilarning chodirida bo`ldim. Ular bilan tun yarmigacha miriqib suhbatlashdik. Keyin Sirdaryo viloyatidagi Sardoba tumanidagi choyxonada, Baxt shahridagi vokzalda, Chinozdagi choyxonada tunadim. Shunday qilib kuniga 60 killometr masofani bosib 5 kun deganda buyuk tarix bag`ridan buyuk kelajak ostonasiga etib keldim. Fursatdan foydalanib, yo`lda menga mehr-oqibat ko`rsatgan hamyurtalarimizga o`z minnadorchiligimni bildiraman.

“BIR YuGURIShDA 60 KM. MASOFANI BOSIB O`TAMAN...”

Yo`lga chiqqanimdan so`ng Jizzix viloyatining G`allaorol tumaniga etmasdan “Chodir” choyxonasi bor, o`sha erda birinchi marta nafas rostladim. Har kuni erta tonggi 5:00 dan to kun botib qorong`i tushguncha 60 kilometrdan yugurdim.

KEYINGI MARRA PARIJ

Shokir aka bilan gaplasha turib bu insonning g`ayrat-shijoati hali 20 yoshli yigitlarnikidek ekaniga guvoh bo`ldik. Sababi bu insonning yugurish borasidagi rejalari ancha katta ekan. Qahramonimizning ta`kidlashicha, agar homiy topilsa, Fransiyaning Parij shahrigacha velosipedda bormoqchi. “Bu ijodimda ham o`z samarasini beradi, albatta”, deya qo`shib qo`ydi Shokir aka. Biz ham Shokir aka Ahrorovga omad tilab qolamiz.

Inobat Ernazarova suhbatlashdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1