11 aprel kuni Milliy matbuot markazida “O`zbekinvest” eksport-import milliy sug`urta kompaniyasining 20 yilligiga bag`ishlangan matbuot anjuman bo`lib o`tdi.
Matbuot anjumanini o`tkazishdan maqsad kompaniyaning sug`urta bozorida 20 yillik faoliyat yakunlari va rivojlanish istiqbollari bilan tanishtirishdan iborat bo`ldi.
“O`zbekinvest” EIMSK bosh direktor o`rinbosari Jamshid Rizaevning ta`kidlashicha, kompaniya mamlakatimiz sug`urta bozorining qayta sug`urta xizmatlarini rivojlantirish tashabbuskori hisoblanadi, kompaniya tomonidan xalqaro bozorda uzoq muddatli aloqalar o`rnatilib, respublikamiz sug`urta sohasiga oid ko`plab qonun hujjatlar bazasini ishlab chiqishda faol ishtirok etmoqda.
“O`zbekinvest” kompaniyasi jahon tajribasi asosida qo`llanilib kelayotgan 100 dan ortiq sug`urta mahsulotlariga ega. Kompaniya tarmog`i 14 ta hududiy filial va 100 dan ortiq shahar va tuman bo`linmalarini o`z ichiga olib, barcha viloyat va uzoq qishloq joylarda xizmatlarni ko`rsatadi.
2009-2013 yillarda kompaniya tomonidan yig`ilgan sug`urta mukofoti hajmining o`sishi 135%, qabul qilingan sug`urta majburiyatlarining o`sishi esa 142% tashkil etdi.
2009 yildan bugunga qadar kompaniya tomonidan to`langan sug`urta to`lovlari deyarli 5 marotaba oshdi. 2013 yil yakunlariga ko`ra, kompaniyaning aktivlari hajmining 2012 yilga nisbatan o`sishi 132 foizni tashkil etdi. Investisiyalarning 5 yil mobaynida 315 foizga o`sdi.
Kompaniyaning asosiy maqsadlaridan biri bu kichik biznes va tadbirkorlik sub`ektlariga sug`urta xizmatlarini ko`rsatishdan iborat. Bu sohada ohirgi besh yil mobaynida yig`ilgan sug`urta mukofotlari bo`yicha o`rtacha o`sish 138%, imzolangan sug`urta shartnomalari bo`yicha 145% tashkil etdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2014 yilga belgilangan iqtisodiy dasturning amalga oshirilishning eng muhim ustuvor yo`nalishlari rejalari doirasida, “O`zbekinvest” kompaniyasi ustuvor strategik yo`nalishlari bo`yicha o`z ishini davom ettiradi. Unga ko`ra, kompaniyaning yangi 25 ta bo`linmalari ochilib, etib borish qiyin bo`lgan uzoq qishloq joylarida sug`urta xizmatlarini ko`rsatish tashkil etiladi. Shuningdek, kompaniya kichik biznes va xususiy tadbirkorlik hamda jismoniy shaxslarga taqdim etilayotgan sug`urta xizmatlari hajmi kengaytiriladi.





