Istiqlolning dastlabki yillaridan O`zbekistonda sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, sud himoyasining samaradorligini oshirishga qaratilgan sud-huquq islohotlariga alohida e`tibor qaratildi. Bugun sir emaski, mazkur tizimning mustaqilligi, oshkoraligi va o`z navbatida adolat tamoyillarini mustahkam qaror toptirishga xizmat qilayotganini jahon hamjamiyati ko`rib, kuzatib kelmoqda. Bu boradagi islohotlar jarayonida sud qarorlarini ijro etishning samarali tizimini yaratish, sudlarni har tomonlama moddiy-texnika jihatidan ta`minlash va moliyalashtirish muhim ahamiyat kasb etdi.
Shu maqsadda, ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta`minlash departamenti tashkil etildi. Islohotlar natijasida "Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to`g`risida"gi va "Ijro ishi yuritish takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida"gi O`zbekiston Respublikasining Qonunlari qabul qilindi. Shu asnoda majburiy ijro etish mexanizmi yanada takomillashtirildi, shuningdek, sud qarorlarini ijro etishdan bo`yin tovlagan va to`sqinlik qilgan qarzdorlarni javobgarlikka tortishning ta`sirchan huquqiy mexanizmlari yaratildi. Ushbu huquqiy mexanizmlar samarasi o`laroq sohada sezilarli ijobiy ko`rsatkichlarga erishilmoqda. Ammo hududlardagi ba`zi bir xodimlarning o`z manfaatlari yo`lida noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etishlari soha obro`yiga jiddiy putur etkazmoqda desak, yanglishmaymiz...
IShONChNI OQLAMAGAN KATTA SUD IJROChISI
Fikrimizni Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta`minlash departamenti Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasining Chiroqchi tuman bo`limi misolida davom ettirsak. Bilamizki, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosini majburiy ijro mexanizmi orqali ta`minlash Sud departamentining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Lekin Sud departamenti Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi Chiroqchi tuman bo`limi sud ijrochilari A.Abdullaev, S.Xurramov, B.Yoqubov, A.Karimov va S.Qudratovlar xizmat vazifalariga e`tiborsizlik bilan qaraganlar toifasidan bo`lib chiqdilar. Avval so`zni Chiroqchi tuman sud ijrochilari boshlig`i, katta sud ijrochisidan boshlasak. Ma`lum bo`lishicha, A.Abdullaev bu lavozimga oliy ma`lumotga ega bo`lmasdan turib erishgan. Albatta, bu unga bildirilgan yuksak ishonch edi. Ishonchni oqlash esa ish faoliyatda ko`rinadi. Biroq A.Abdullaev rahbarlikni "o`zi xon, ko`lankasi maydon" deb tushundi. Tez orada mas`uliyatni unutib, vazifasiga sovuqqonlik bilan qaraydigan bo`ldi. Dastlab u 2011-2012 yillarda kelib tushgan aybdor shaxslardan aliment pullarini undirish to`g`risidagi ijro hujjatlariga beparvolarcha munosabatda bo`la boshladi. Buning oqibatida 60 ta ijro hujjati yuzasidan 169 nafar qarzdorlardan jami 1 mlrd. 576 mln. 611 ming 845 so`mlik aliment mablag`lari tegishli tartibda undirilmasdan, o`z holiga tashlab qo`yildi.
ShAXSIY EHTIYoJGA O`ZLAShTIRILGAN 8 MLN. 351 MING SO`M
Qolaversa, A.Abdullaev O`zbekiston Respublikasining "Fuqarolarning murojaatlari to`g`risida"gi Qonunidan bexabar rahbar bo`lib chiqdi. Uning bo`limida fuqarolardan aliment pullarini undirish va boshqa masalalar yuzasidan kelib tushgan murojaatlar ham ro`yxatdan o`tkazilmasdan chang bosib yotavergan. Buning natijasida 130 nafar fuqaroning huquqlari buzilgan. Bir qarashda "ishning ko`zi"ni bilmaydiganday ko`ringan A.Abdullaev moddiy manfaat ko`rishning "hadisi"ni olgan ekan. Aks holda, quyidagi jinoiy yo`lni "kashf" qilarmidi? Jumladan, u Chiroqchi tumani IIB YHXB tomonidan qo`llanilgan ma`muriy jarimalarni (2012 yilda) topshirishga kelgan Sh.Alievdan 31 ming 460 so`m, G.Hasanovadan 188 ming 760 so`m, J.Tursunovdan 286 ming so`m, B.Qahhorovdan 314 ming 600 so`m, A.Bozorovdan 62 ming 920 so`m va boshqa shu singari fuqarolarning 66 nafaridan 8 mln. 351 ming so`m naqd pullarni olib, tegishli tartibda bank muassasalariga topshirmasdan, shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuboradi.
XODIMLAR OLGAN "O`RNAK" HAM ChAKKI EMAS
So`ngra o`zlashtirilgan pullarni oldindan o`ylab qo`ygan jinoiy yo`l bilan xaspo`shlab, ya`ni jarimalarning undirilganligi to`g`risida soxta ma`lumotlarni tuman IIBga yuborib, davrini suravergan. Rahbarning jinoiy qilmishlari va o`z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarashi qolgan xodimlarga ham "o`rnak" bo`ldi. Xususan, sud ijrochisi S.Xurramov ham Chiroqchi tuman IIB tomonidan jarimalarni undirish uchun yuborilgan qarorlardan o`z "foydasi"ga ishlashni yo`lga qo`ydi. U fuqaro A.Samadovdan 346 ming 60 so`m, U.Ochildovdan 314 ming 600 so`m, U.Jabborovdan 314 ming 600 so`m, K.Boymurodovdan 1 mln. 132 ming 560 so`m, L.Xudoyberdievadan 72 ming 355 so`m, A.Fayzievdan 361 ming 775 so`m, U.Xoliyorovdan 434 ming 130 so`m, R.Kazakovdan 171 ming 600 so`m, R.Javlievdan 57 ming 200 so`m, X.Doniyorovdan 434 ming 130 so`m va O.Bo`stonovdan 600 ming 600 so`m naqd pul mablag`larini olgandan so`ng ishtahasi ochilib ketdi va 151 nafar fuqarodan jami 21 mln. 593 ming so`mlik ma`muriy jarimalarni olib, "tuya" qildi. So`ngra S.Xurramov rahbarining "tajribasi"ni qo`lladi. U ham tuman IIBga pul mablag`lari undirilganligi haqida "jimjimador" ma`lumotlarni taqdim etdi. Shu tariqa 2012 yil ham ortda qoldi.
"O`RGANGAN KO`NGIL, O`RTANSA QO`YMAS"
"O`rgangan ko`ngil, o`rtansa qo`ymas", deganlaridek, S.Xurramov 2013 yilning dastlabki oyidayoq eski "hunari"ni boshladi.Har doimgidek, tuman IIB tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga asosan 8 oy davomida 41 nafar fuqaroga hisoblaganda, jami 5 mln. 664 ming so`m naqd pul mablag`lari o`zlashtirildi. Bu ishlar ham soxta ma`lumotlar taqdim etish orqali yopildi.B.Yoqubov ham hamkasblaridan qolishishni istamadi. U ham shu ishning boshini tutib, 2012 yilda 157 nafar fuqaroga qo`llanilgan jarimadan kelgan 16 mln. so`mdan ortiq pul mablag`larini "yutib" yubordi. 2013 yilga kelib, B.Yoqubovning "daromad"i keskin kamayib, 119 ming so`mga ega bo`ldi.Bo`limdagi A.Karimov esa tuman IIB tomonidan taqdim etilgan ma`muriy jarimalar bo`yicha 2012 yilda 6 mln. 643 ming so`m "foyda" topdi. Biroq A.Karimov boshqa ishning ham boshini tutdi. U "Sohib tadbir" MChJ rahbari B.Normatov bilan "kelishib" ishlashni uddaladi va 2012 yilda 40 nafar fuqarolardan davlat foydasiga o`tkazilgan 45 mln. 913 ming so`mlik tovar-moddiy qimmatliklarni B.Normatovga arzonlashtirilgan narxda, ya`ni soxta dalolatnomalar tuzish yo`li bilan o`tkazib beradi. Sotish uchun o`tkazilgan tovarlardan A.Karimov 26 mln. so`m "foyda" ko`rdi.
"QOVUN QOVUNDAN RANG OLADI"
Xalqimizda "qovun qovundan rang oladi", degan gap bor. Oxirgi "qahramon"imiz — yuqoridagilardan birmuncha yoshroq ijrochi S.Qudratov ham kattalardan "o`rnak" oldi. Ammo "tajriba"sizlik pand berdimi yoki mas`uliyat yo`l qo`ymadimi, u 19 nafar fuqarodan 2 mln. 894 ming so`mni olib, "qanoat" qilib ishlayverdi. Shu zaylda ish yuritgan ijrochilarning "ish"lari vaqti kelib oshkor bo`ldi. O`tkazilgan tekshirishlar va tergov jarayonida A.Abdullaev, S.Xurramov, B.Yoqubov, A.Karimov, S.Qudratov va B.Normatovlar ayblariga iqror bo`lishdi va ularga nisbatan tegishli choralar ko`rildi.Xulosa qilib aytganda, o`z manfaatlari yo`lida qing`ir ishlarni amalga oshirayotgan, ta`bir joiz bo`lsa, o`z xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab kelayotgan yuqoridagi kabi kimsalarni hech qachon kechirib bo`lmaydi. Ular uchun qonuniy jazo doimo muqarrardir.
Tohir HUSANOV, Bosh prokuratura boshqarma boshlig`i o`rinbosari





