AsosiyJamiyat

O`zbekiston islom akademiyasi davlat ro`yxatidan o`tkazildi

'O`zbekiston islom akademiyasi davlat ro`yxatidan o`tkazildi'ning rasmi

Bugun, 16 yanvar kuni O`zbekiston musulmonlari idorasida Adliya vazirligining Jamoat, nodavlat notijorat va diniy tashkilotlar boshqarmasi vakili muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga va Islom akademiyasi rektori, akademik Ne`matulla Ibrohimovga Islom akademiyasi davlat ro`yxatiga olingani to`g`risidagi guvohnomani topshirdi.

Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil qilingan ushbu Akademiya huzurida ikki yillik magistratura, uch yillik tayanch doktorantura va uch yillik doktorantura faoliyat yuritishi mo`min-musulmonlarimiz uchun juda katta tuhfa bo`lganini ta`kidladilar.

Ushbu Akademiyada “Qur`onshunoslik”, “Fiqh ilmi”, “Hadisshunoslik” va “Kalom ilmi” mutaxassisliklari bo`yicha magistrlar, shuningdek, ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlanishi yurtimizdan yana Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abdulxoliq G`ijduvoniy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalar etishib chiqishini asosiy omil ekanini bildirdilar.

Akademiya O`zbekiston musulmonlari idorasi muassisligidagi diniy va dunyoviy ta`lim beruvchi nodavlat ta`lim va ilmiy-tadqiqot muassasasidir. Uning asosiy maqsadlari – respublikada faoliyat olib borayotgan oliy va o`rta maxsus diniy ta`lim muassasalarini yuqori malakali ilmiy kadrlar bilan ta`minlash hamda tayyorlanayotgan mutaxassislarning ilmiy va kasbiy salohiyatini oshirish, shuningdek, qur`onshunoslik, tafsir va fikh, hadisshunoslik, kalom ilmi yo`nalishlari bo`yicha magistrlarni, etuk ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlashdan iboratdir.

Shuningdek, Akademiya O`zbekistondan etishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning boy ilmiy merosini, Islom dini rivojiga ulkan hissa qo`shgan jahon allomalarining asarlarini o`rganish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, din niqobi ostida harakat qilayotgan turli oqim va yo`nalishlarning buzg`unchi g`oyalariga qarshi ilmiy raddiyalar tayyorlash va boshqa bir qator muhim vazifalar bilan ham shug`ullanadi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Islom akademiyasi Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 15 dekabrdagi qaroriga asosan tashkil etilgan.


    Boshqa yangiliklar