Shavkat Mirziyoev o`tgan yilning 15-16 dekabr kunlari Qoraqalpog`iston Respublikasiga tashrifi doirasida Germaniyada 11 yil davomida o`qib, ishlagan fan doktori Alisher Qurbonovga Kaptiva avtomobilini sovg`a qilgani ancha shov-shuv bo`lgan edi.
"Kruz.uz" nashri Qorao`zak tumanidagi «Panaev farms» fermasiga tashrif buyurib, A.Qurbonov bilan suhbatlashdik.

“Germaniyada 11 yil davomida ham o`qib, ham ishladim. Dissertasiyamni nemis tilida yoqladim. O`tgan yili uyga dam olishga kelganimda, Qutlimurat aka (Panaev) meni shu erda qolib, ishlashimni so`radilar. Buning uchun menga barcha zarur sharoitlarni yaratib berdilar. Ferma ichida uy qurib berdilar. Biroq men bitta joyda uzoq vaqt qolib ketsam, ancha qiynalaman. Doimiy harakatda bo`lishga o`rganib qolgan edim. Shu bois 19 dekabr kuni yana Germaniyaga ketishga qaror qildim va 6 oy ishlab, keyin yana fermaga qaytmoqchi edim. 15 dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bilan uchrashuv hayotimni butunlay o`zgartirib yubordi. Menga Kaptiva avtomobilini sovg`a qilishlari hatto tushimga ham kirmagandi. Prezident bilan uchrashuvdan so`ng men Qoraqalpog`istonda qolishim kerak ekanini tushindim. Yo`q, bunga Kaptiva sabab emas. Prezident ishonch bildirdimi, demak uni oqlashim kerak. Xalqimga nafim tegishi kerak. Shundan so`ng har kuni kamida 2-3 ta fermer fermaga tashrif buyurib, ish jarayonlarimiz bilan o`rganmoqda”.

Alisher Qurbonov Kaptiva sovg`asini olganidan so`ng bildirilgan salbiy fikrlar haqida ham to`xtalib o`tdi.
“Prezident Kaptiva berganidan so`ng, ijtimoiy tarmoqlarda turli insonlar o`zi Germaniyada ishlagan bo`lsa, unga Kaptiva berishning nima keragi bor yoki shunga o`xshash tanqidiy firrlarni bildirishgan. Xatto ayrim insonlar telefon qilib “Jinnimisan, Germaniyada ishlab yuravermaysanmi, nima qilasan qaytib”, deb aytishdi. Biroq har bir inson o`z yurtida ishlashni xohlaydi.
Bilasizmi, Germaniyada ishlayotgan hamyurtlarimiz ko`plab topiladi. Ular ham yurtimizga qaytib, shu erda ishlashni xohlashadi albatta. Biroq ular ham uy olish uchun pul to`plashadi, kunni kun demay, tunni tun demay ishlashadi. Agar ularga ham yurtimizda yaxshi imkoniyat yaratib berilsa, qaytishga tayyorlar”.

Ijtimoiy tarmoqlarda uni shifokor yoki veterinar deya bilishlari haqida o`z fikrlarini bayon etdi.
“Men fan doktoriman. Mol do`xtiri yoki shifokor emas. Germaniyada qishloq xo`jaligi mutaxassisligi bo`yicha magistrlik, iqtisodiyot bo`yicha doktorlik ilmiy ishlarimni nemis tilida yoqladim va kelajakda hali ilmiy ishlarimni davom ettirish niyatim bor”, deydi Alisher Qurbonov.
Alisher Qurbonov bilan tanishar ekanmiz, uning ancha oqko`ngil va samimiy inson ekaniga amin bo`ldik. Unda televizor ko`rish yoki internetga kirish uchun vaqt yo`q. U hatto uyidagi televizorning pulti qaerda ekanini ham bilmaydi. Bu gaplarni o`qiyotgan odam ancha bo`rttirib yuboribdi deb o`ylashi mumkin. Biroq bu haqiqat. Darvoqe, Alisher Qurbonov so`zining yakunida yaqin orada fermerlar uchun haftalik o`quv seminarini tashkil etishni rejalashtirayotgani alohida ta`kidlab o`tdi. Tez orada bu haqda batafsil ma`lumot berib o`tamiz.






