O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish va tavalludining 80 yilligini nishonlashga bag`ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ishlari holati va amalga oshirilayotgan choralarga bag`ishlangan yig`ilishda Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo`raev ham so`zga chiqdi. Bu haqda «Xabar.uz» nashri ma`lum qildi.
«Hazrati Xizr majmuasida qurilish ishlari tugallangan. Majmua ochilish marosimiga tayyor. O`sha kuni Samarqandning barcha tuman va shaharlarida ehson oshi beriladi», — deya ta`kidladi Turobjon Jo`raev.
Shuningdek, yig`ilishda Samarqand viloyati hokimi O`zbekiston Prezidentidan majmuaning ochilishiga butun respublikadan mehmonlarni taklif etishga ruxsat so`ragan. Bunga javoban davlat rahbari tadbirga har bir viloyatdan 50 nafardan mehmon, ya`ni O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan birga ishlaganlar, ziyolilar, yoshlar vakillari borishini ma`lum qilgan.
Shavkat Mirziyoev bosh vazir Abdulla Aripovga boshqa viloyatlardan keluvchi mehmonlarning kelib-ketishi bepul va beg`araz bo`lishini tashkillashtirish haqida topshiriq bergan.






