Tojikiston Respublikasining Iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligi Sarmoyalarni dasturlashtirish hamda mintaqalarni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig`ining o`rinbosari Asqar Nuralizoda 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi, deb xabar berdi “Sputnik Tadjikistan” nashri.
U o`tgan yilning sentyabr oyi oxirida mamlakat korrupsiyaga qarshi kurash mahkamasi xodimlari tomonidan yarim million dollar miqdorida pora olgani uchun qo`lga olingan edi.
U Tojikiston Respublikasi JKning «yirik miqdorda pora olish» moddasi bilan aybdor deb topildi.
Sudning amaldorga nisbatan hukmi 10 yanvarda chiqarilgan, biroq bu haqda endigina ma`lum bo`ldi. Qonun normalariga ko`ra, sudlangan va uning himoyasi sud qaroriga hukm e`lon qilinganidan so`ng o`n kun davomida shikoyat arizasini berishi mumkin.
Mamlakat Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi ma`lumotlariga ko`ra, u bu pullarni Jaloliddin Balxiy tumanida yashovchi fuqarodan olgan. Evaziga esa tumanda parrandachilikni rivojlantirish bo`yicha investisiyalar davlat dasturiga tegishli band kiritilishi hamda keyinchalik ushbu shaxs bunga 10 mln dollar miqdorida grant olishi kerak bo`lgan.
Umuman olganda, Asqar Nuralizoda, agentlik ma`lumotlariga ko`ra, bo`lajak grantning umumiy hajmidan 10 foiz, ya`ni 1 mln dollar miqdorida pora so`ragan. Shu tariqa, Nuralizoda poraning birinchi qismini olgan, ikkinchi qism esa grant taqdim etilganidan so`ng berilishi lozim bo`lgan.






