AsosiyJamiyat

Sayyoramizning 30 foiz hududidagi degradasiya millionlab insonlarning hayotiga tahdid solmoqda

Mutaxassislarning ma`lumotiga ko`ra, tabiiy va antropogen omillar tufayli sayyoramizning o`ttiz foiz hududida degradasiya ta`siri kuzatilayotir.

Bu er yuzidagi millionlab insonlarning hayoti, salomatligi, turmush tarzi va jamiyat taraqqiyotiga tahdid solayotir.

Ana shunday global ekologik muammolarga butun insoniyatning e`tiborini jalb etish, tabiatga etkazilayotgan salbiy ta`sirlarni kamaytirish va er resurslaridan oqilona foydalanishni targ`ib etish maqsadida har yili 22 aprel – Xalqaro erni muhofazalash kuni sifatida nishonlanadi.

O`zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo`mitasida ushbu sana munosabati bilan er resurslarini muhofazalash va ulardan oqilona foydalanish, bu yo`nalishdagi huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalarga bag`ishlab tashkil etilgan davra suhbatida shular haqida so`z yuritildi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining  Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo`mitasi, Ekoharakat deputatlar guruhi, O`zbekiston Ekologik harakati bilan hamkorlikda o`tkazilgan tadbirda tegishli vazirlik, qo`mita va jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, mutaxassislar ishtirok etdi.

Turli sohalarda, xususan, qishloq xo`jaligida zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish ko`lamini oshirish, meliorasiya inshootlarini rekonstruksiya qilish, ishlab chiqarish tarmoqlarida resurstejamkor, tabiatga bezarar zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Sug`oriladigan erlarning meliorativ holatini yaxshilash bo`yicha uzluksiz chora-tadbirlar bajarilayotir. Keyingi yillarda yurtimizning turli hududlarida bu borada hayotga tatbiq etilgan loyihalar natijasida ikki yuz qirq ming gektardan ziyod maydonning meliorativ holati yaxshilandi.

Davlatimiz rahbarining 2013 yil 24 aprelda qabul qilingan «2013-2017 yillar davrida sug`oriladigan erlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori asosida bu boradagi ishlar ko`lami yanada kengaymoqda.

Tadbirda er resurslarini muhofazalash, tuproq emirilishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, sanoatni rivojlantirishda tabiatni muhofazalashga oid me`yorlarga amal qilinishini ta`minlash, er resurslarini boshqarish bo`yicha amalga oshirilayotgan loyihalar ko`lamini kengaytirish, ekologik targ`ibot ishlari ta`sirchanligini oshirish borasidagi vazifalar xususida fikr-mulohazalar bildirildi.

    Boshqa yangiliklar