AsosiyJamiyat

«Moody’s»: O`zbekiston bank tizimi barqaror rivojlanmoqda

«Moody’s» halqaro reyting agentligi tomonidan 2014 yil 15 aprel kuni nashr qilingan «O`zbekiston bank tizimining rivojlanish istiqbollari» yangi hisobotiga muvofiq O`zbekiston bank tizimi rivojlanish istiqbollari ketma-ket beshinchi yil «barqaror» deb tasdiqlandi.

«Moody’s» agentligining fikriga ko`ra, «barqaror» prognozi O`zbekiston iqtisodiyotining, shu jumladan, iqtisodiyotga katta hajmdagi investisiyalar yo`naltirilishi hisobiga, yuqori sur`atlarda o`sayotganligi bilan izohlanadi. Shuningdek, iqtisodiyotni kreditlash hajmlarining o`sishini ta`minlovchi manba hisoblangan O`zbekiston banklarining barqaror daromadlari bank tizimi rivojlanishi istiqbollariga ijobiy ta`sir qiluvchi muhim omillar qatoriga kiritilmoqda.

Agentlik tomonidan O`zbekistonda oxirgi 10 yil mobaynida yuqori iqtisodiy o`sish darajasi ta`minlanganligi hamda mamlakatimiz eksporti tarkibining MDHdagi boshqa davlatlarga nisbatan diversifikasiyalanganligi hisobiga iqtisodiy o`sish sur`atlari o`zgaruvchanligining sezilarli darajada past bo`lgani ta`kidlanmoqda. 

Shu bilan birga, «Moody’s» agentligi O`zbekiston banklari aktivlari sifatining barqaror dinamikasiga e`tibor qaratib, kapital investisiyalar sohasidagi ijobiy holat aktivlar sifatining yuqori darajada saqlanib qolishiga asos bo`lishini qayd etdi. 

2013 yil yakuni bo`yicha O`zbekiston Respublikasi tijorat banklari aktivlari umumiy miqdori 30 foiz, oxirgi besh yilda esa ushbu ko`rsatkich 3,6 barobar ko`paygan.

Bank tizimi kapitallashuvini oshirish bo`yicha amalga oshirilgan maqsadli chora-tadbirlar banklar jami kapitalining oxirgi besh yilda 3,5 barobar, 2013 yil davomida esa 25,1 foiz oshishini ta`minladi. Bank tizimi kapitali etarlilik darajasining ushbu ko`rsatkichi umumqabul qilingan xalqaro standartlarga nisbatan 3 barobar yuqoridir.

Reyting agentligining fikriga ko`ra, 2014-2015 yillar davomida kreditlash hajmining yiliga 20 foizga oshishi sharoitida kapital etarliligining joriy koeffisientini saqlab qolish uchun «Moody’s» reytingiga ega bo`lgan O`zbekiston banklari kelgusida kapitalni qo`shimcha oshirish bo`yicha chora-tadbirlar ko`rishlari lozim.

O`zbekiston banklarining joriy likvidlik darajasi bank tizimi barqarorligini baholashda muhim omillardan biri bo`lib, qator yillar davomida 65 foizdan yuqori, ya`ni belgilangan minimal darajadan 2 barobar yuqori miqdorni tashkil etadi.

Ta`kidlash joizki, xo`jalik sub`ektlari depozitlari va aholi omonatlari, shuningdek, moliyalashtirishning boshqa manbalari kelgusida bank tizimi likvidliligini ta`minlashga xizmat qiladi. Jumladan, tijorat banklaridagi depozitlarning umumiy hajmi oxirgi besh yilda 4,1 barobar, 2013 yilda esa 30,2 foiz oshgan.

«Moody’s» agentligi tomonidan prognoz davrida O`zbekiston banklarining likvidlik va daromadlilik ko`rsatkichlarining barqaror darajada saqlanib turishi kutilmoqda.

Umuman olganda, «Moody’s» agentligining ta`kidlashicha, 12-18 oyni tashkil etuvchi prognoz davrida mamlakat iqtisodiyotining yuqori o`sish sur`ati banklar uchun qulay amaliyot muhitini ta`minlaydi. 

 

    Boshqa yangiliklar