AsosiyJamiyat

“O`zekspomarkaz”da “Dam olish dunyosi” xalqaro O`zbekiston sayyohlik ko`rgazmasi ochildi

Anjuman “O`zbekturizm” milliy kompaniyasi va “Buyuk Ipak yo`li” reklama agentligi tomonidan Jahon sayyohlik tashkiloti, O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi, “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasi, “O`zbekiston temir yo`llari” davlat aksiyadorlik temir yo`l kompaniyasi hamda Toshkent shahar hokimligi ko`magida tashkil etildi.

Tadbirning ochilishida mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning sayyohlik firma va kompaniyalari, diplomatik korpus, mehmonxonalar vakillari, soha mutaxassislari, olimlar va ekspertlar ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.

“O`zbekturizm” milliy kompaniyasi raisi Farrux Rizaev va boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasida yurtimizga kelayotgan sayyohlar safi tobora kengayib borayotganini ta`kidladi.

Mamlakatimiz turizm sohasida ulkan salohiyatga ega. Yurtimizning go`zal tabiati, muqaddas qadamjolari, noyob me`moriy obidalari va fayzli go`shalari dunyo sayyohlarini o`ziga rom etmoqda. Mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik muhiti, zamonaviy mehmonxonalar va yuksak sifatli xizmat ularning mazmunli hordiq chiqarishi uchun qulay imkoniyat yaratmoqda. Xususan, 2013 yilda mamlakatimizga kelgan sayyohlar soni 2012 yildagiga nisbatan qariyb yigirma foiz oshdi. 

Bugungi kunda yurtimizda sayyohlikning ekoturizm, geoturizm, ekstremal, tibbiy va madaniy yo`nalishlari, shuningdek, otda, tuyada, avtomobilda sayohat qilish, alpinizm, baliq ovi, rafting kabi ko`plab turlari rivojlanmoqda. To`qqiz yuzdan ziyod sayyohlik korxonasi, jumladan, 430 mehmonxona, 530 dan ortiq sayyohlik kompaniyasi faoliyat ko`rsatmoqda.

Dam olish turizmi butun dunyoda talab yuqori bo`lgan sohalardan biridir. “Dam olish dunyosi” xalqaro ko`rgazmasi O`zbekistonda bahor-yoz sayyohlik mavsumini ochib beradigan o`ziga xos loyiha bo`lib, xorijliklarni mamlakatimizdagi dam olish maskanlariga jalb qilish va yurtdoshlarimizning chet elga sayohatini uyushtirish, ichki turizmni rivojlantirish masalalariga yo`naltirilgan. Ko`rgazma mahalliy va xorijiy turoperatorlarning yangi sayyohlik mavsumi oldidan o`z mahsulot va xizmatlarini ilgari surishi, korporativ mijozlar bilan shartnomalar tuzishi, ta`til mavsumiga oid rejalar ishlab chiqishi uchun qulay imkoniyat yaratadi.

Ikkinchi bor o`tkazilayotgan ushbu xalqaro ko`rgazmada o`ttizdan ortiq xorijiy sayyohlik kompaniyasi vakillari ishtirok etmoqda.

Mamlakatning sayyohlik imkoniyatlarini ro`yobga chiqarishda ichki turizmni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Zotan, har qanday yangi mahsulotga, avvalo, mahalliy sayyohlarda qiziqish uyg`otib, so`ngra uni xorijiy sayyohlarga taqdim etish yuqori samara beradi. Mamlakatimizda yangi tarixiy-arxeologik bog`lar, yo`llar va xizmat ko`rsatish majmualari barpo etilib, aholi uchun qulay turistik marshrutlar ishlab chiqilayotgani natijasida ichki turizm jadal rivojlanmoqda. Har yili millionlab yurtdoshlarimiz mamlakatimiz bo`ylab sayohat qilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 20 fevralida qabul qilingan “Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida ob`ektlarni qurish va rekonstruksiya qilishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi to`g`risida"gi qaroriga asosan Shahrisabzda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish, hududni mintaqamizdagi eng go`zal va obod shaharga aylantirish ko`zda tutilgan. Shahrisabzning yurtimiz ijtimoiy va madaniy taraqqiyotidagi ahamiyatini yanada oshirish, uni zamonaviy turizm markaziga aylantirish maqsadida sayyohlik inshootlarini barpo etish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish, sayyohlikning transport infratuzilmasini takomillashtirish bo`yicha keng ko`lamli ishlarni bajarishga kirishildi. Mazkur qaror ijrosini ta`minlash va hududning sayyohlik salohiyatini keng targ`ib qilish maqsadida "Dam olish dunyosi" sayyohlik ko`rgazmasida Shahrisabz shahrining turistik imkoniyatlariga bag`ishlangan ekspozisiya ham namoyish etilmoqda.

Ko`rgazmada xorijning nufuzli xalqaro sayyohlik firmalari, milliy sayyohlik kompaniyalari, mehmonxona va restoranlar, muzeylar va boshqa tashkilotlar vakillari mamlakatimizning sayyohlik salohiyati va taklif etilayotgan xizmatlar, maftunkor tabiat va tarixiy obidalar aks etgan eksponatlar, xalq hunarmandligi buyumlari, fotoekspozisiyalar, ekoturizm va sport turizmi, aviatransport, mehmonxona, sug`urta va bank xizmatlari, milliy va hududiy sayyohlik tashkilotlari faoliyatiga oid ma`lumotlar bilan tanishmoqda.

“Dam olish dunyosi” barcha zamonaviy yo`nalishlarni o`zida mujassam etgan.  Xususan, unda ichki va tashqi turizm, faol va sarguzasht turizmi, ilmiy va sog`lomlashtirish turizmi, sayyohlik ma`muriyatlari va milliy ofislar, turistik agentliklar va turoperatorlar, mehmonxonalar, sanatoriy-kurort majmualari, dam olish maskanlari, transport va sug`urta kompaniyalari, on-layn bronlashtirish tizimlari kabi bo`limlar ishlab turibdi.

Ushbu xalqaro sayyohlik ko`rgazmasi jahon jamoatchiligini mamlakatimizning sayyohlik borasidagi ulkan salohiyati bilan keng tanishtirish va xorijning sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, ichki turizmni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Ikki kun davom etadigan ko`rgazma doirasida mamlakatimizga sayyohlarni yanada kengroq jalb qilish borasida chet ellik mutaxassislar bilan o`zaro fikr va mulohaza almashiladi, hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirish masalalari ko`rib chiqiladi. Xorijning sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikka oid qator bitimlar imzolanadi.        

Ko`rgazmaning birinchi kunida “Gastronomik turizm – raqobatbardosh mahsulot omili” mavzusida Jahon sayyohlik tashkilotining xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo`lib o`tdi. Gastronomik turizm pazandachilik bilan bog`liq barcha turistik faoliyat turlari, xususan, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, gastronomik festivallar, oziq-ovqat yarmarkalari va bu borada tajriba orttirishga xizmat qiluvchi sayohatlar majmuidir. Konferensiyada O`zbekistonda gastronomik turizmni rivojlantirish, bu yo`nalishda xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga oid masalalar muhokama qilindi.

Ko`rgazmaning ikkinchi kunida “Ipak yo`li lazzati” milliy oshxona festivali o`tkaziladi. Shuningdek, sayyohlik firma va kompaniyalarining taqdimotlari bo`lib o`tadi.        

    Boshqa yangiliklar