AsosiySport

O`zbekistonda Ispan futbol tizimi joriy etiladi

'O`zbekistonda Ispan futbol tizimi joriy etiladi'ning rasmi

Xabar berib o`tganimizdek, O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi va mamlakat futbol federasiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov Ispaniya futbol federasiyasi taklifiga binoan ayni kunlarda rasmiy tashrif bilan Madridda bo`lib turibdi.

Tashrifning birinchi kunida 1986 yilgi jahon chempioni, uzoq yillar Madridning “Real” klubida Bosh direktor lavozimida ishlagan Xorxe Valdano bilan uchrashgan Umid Ahmadjonov, kecha kuninng ikkinchi yarmida “Santyago Bernabeu” stadionida “Real” va “Deportivo” klublari o`rtasidagi uchrashuvni bevosita kuzatib bordi. O`yindan so`ng O`FF rahbari “Real” klubi prezidenti Florentino Peres, “Qirollik klubi” Bosh direktori Xose Anxel Sanches, klubning tashqi aloqalar bo`limi direktori Emilio Butrageno, "Stellar group" agentlik kompaniyasining Ispaniya va Portugaliya bo`limi prezidenti Luis Alonsolar bilan ham uchrashishga muvaffaq bo`ldi.

Ispaniya futbol federasiyasiga tashrif buyurgan Umid Ahmadjonov jahon futbolining moziydagi yorqin yulduzlaridan biri, xozirda Ispaniya futbol federasiyasining texnik direktori Fernando Yerro bilan uchrashib, ko`pgina masalalar bo`yicha kelishuvga erishdi. Fernando Yerro uchrashuv davomida O`zbekistonda mukammal va zamonaviy futbol tizimini yaratishda barcha kerakli yordamni ko`rsatishga tayyor ekanligini aytib o`tdi. Bu eng avvalo O`FF strukturasida, terma jamoalar ish tizimida, klublar infratuzilmasida yaqqol namoyon bo`ladi.

Shuningdek, o`zbekistonlik 16 yoshlik bir necha futbolchilar yozda Ispaniyaga safar uyushtirishadi va mahalliy klublar tarkibida o`quv-mashg`ulot yig`inlarida ishtirok etishadi. Super Liga klublari vakillari esa mamlakatning grand klublari “Real” (Madrid), “Barselona”, “Valensiya”, “Atletiko” (Madrid) kabi jamoalarida ish o`rganishadi va malakalarini oshirish imkoniga ega bo`lishadi. Bir so`z bilan aytganda yurtimizda ispan futboli tizimi joriy etiladi. Bolalar futbolidan tortib, terma jamoalarimizning tayyorgarlik jarayoniga qadar ish ispan futboli modeli asosida yo`lga qo`yiladi.

O`FF rahbari bilan suhbatda Yerro kerak bo`lsa tegishli mutaxassislarni O`zbekistonga yuborish, murabbiylarni o`qitish, malakasini oshirish tizimini joriy etishda ham amaliy yordam ko`rsatishga tayyor ekanligini izhor qildi. Uchrashuv chog`ida joriy yilning mart oyida O`zbekiston futbol federasiyasi delegasiyasi Ispaniyaga safar uyushtirishi va mamlakat futbol federasiyasi strukturasi, klublarning ishlash tizimi, terma jamoalarni musobaqalarga tayyorlash mexanizmi bilan yaqindan tanishishiga kelishib olindi. Bu haqda O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi matbuot xizmati ma`lum qildi.

    Boshqa yangiliklar