O`zbekiston madaniy merosi ob`ektlari yagona elektron bazaga kiritiladi

Madaniyat 24.01.2018, 10:58
O`zbekiston madaniy merosi ob`ektlari yagona elektron bazaga kiritiladi

Prezidentning 16.01.2018 yildagi F-5181-son «Moddiy madaniy va arxeologiya merosi ob`ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni takomillashtirish to`g`risida»gi farmoyishi e`lon qilindi.

Norma.uz’ning yozishicha, hujjat bilan 2018-2023 yillarda moddiy madaniy va arxeologiya merosi ob`ektlarini muhofaza qilish, asrash, ilmiy tadqiq etish, targ`ib qilish va ulardan foydalanishni tubdan takomillashtirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi loyihasini ishlab chiqish bo`yicha respublika komissiyasi tashkil etildi. Madaniyat vazirligi komissiyaning ishchi organi va faoliyatining tashkilotchisi sanaladi.

Komissiya tarkibiga Bosh vazir, madaniyat, iqtisodiyot hamda oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri, O`zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, O`zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, O`zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori va boshqalar kiradi.

Dasturning alohida yo`nalishlari bilan ishchi guruhlar shug`ullanadi, ularning tarkiblari ham hujjat bilan tasdiqlandi. 1.04.2018 yilga qadar ular respublikaning barcha moddiy madaniy va arxeologiya merosi ob`ektlarining ularning turistik potensiali, tarixiy-madaniy ahamiyati, texnik holati kabi ko`rsatkichlari bo`yicha xatlovdan o`tkazilishini tashkil etishlari darkor.

Natijalar barcha ob`ektlar to`g`risida batafsil ma`lumotlar bilan yaratiladigan yagona elektron ma`lumotlar bazasiga kiritiladi. Malakali mutaxassislardan iborat hududiy ekspert guruhlari meros ob`ektlarini xatlovlar o`tkazadi.

Hududiy hokimliklar, tegishli davlat organlari va xo`jalik boshqaruvi organlari ob`ektlar holatini to`liq o`rganish uchun barcha sharoitlarni yaratishlari shart.

Hujjat 17.01.2018 yildan kuchga kirdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1