AsosiyDunyo

Tug`ruqxonada almashtirib qo`yilgan chaqaloqlar begona oilada qoldirildi

'Tug`ruqxonada almashtirib qo`yilgan chaqaloqlar begona oilada qoldirildi'ning rasmi

Ikki hind oilasi tug`ruqxonada hamshiralarning aybi bilan almashtirib qo`yilgan chaqaloqlarni begona bo`lsa-da, o`zlari tarbiyalashga qaror qilishdi, deb xabar berdi Lenta.ru nashri.

2015 yilning mart oyida Hindistonning Assam shtatida yashovchi, islom diniga e`tiqod qiluvchi Salma Parbin (Salma Parbin) o`g`il farzand ko`rdi. Oradan bir necha kun o`tgach, bolasi o`ziniki emasligidan shubhalana boshladi. “Hamshiralar qo`limga bergan chaqaloqning ko`zlari qisiq, bizning oilada, avlodimizda ham ko`zi qisiqlar yo`q”, dedi ayol. Salma qo`lidagi chaqaloqni o`sha kuni yonida farzand ko`rgan bodo xalqiga mansub ayolning farzandi, deb taxmin qildi.

Tug`ruqxona rahbariyati Salmaning ayblovini tan olmay, psixiatrga ko`rinishni tavsiya qildi. Ayolning eri tug`ruqxona rahbariyatidan o`sha kuni rafiqasi bilan bir kunda tuqqan ayollarning ro`yxatini berishni talab qildi. Ulardan biri bodo xalqiga mansub Shevali Boro (Shewali Boro) ekanligi ma`lum bo`ldi. Salmaning eri ikki marotaba Shevalining qishlog`iga borganiga qaramay, unga uchrashishga yuragi dov bermadi. Shundan keyin u ayolga xat yozdi.

Shevali Salmaning qo`lidagi chaqaloqqa razm solganda, uning yuz qiyofasi mongoloid irqiga mansubligini ko`rdi. Shundan keyin tug`ruqxonada hamshiralar haqiqatan ham chaqaloqlarni adashtirib qo`yganligiga ishondi. Salma bolalarni almashtirishni taklif qildi, biroq Shevali onasi ko`nmaganligi sababli bunga rozi bo`lmadi.

Biroq oradan ko`p o`tmay, Parbinlar oilasi bolani DNK tahlilidan o`tkazishdi. Tahlil natijasi ularning shubhasi rostligini tasdiqladi.

“Sud bolalarni almashtirishimiz mumkinligini bildirganligiga qaramay, biz buni istamadik, chunki biz ularni uch yil davomida tarbiyaladik, endi bolalarni shunchaki almashtirish qiyin masala”, – dedi Salma Parbin. Oilalar muntazam ravishda uchrashib turishga, bir-birinikiga mehmonga borishga kelishib olishdi.

Bodo xalqi – Hindistonning shimoliy-sharqiy qismida yashaydi, ular asosan to`qimachilik bilan shug`ullanadi.

    Boshqa yangiliklar