O`zbekiston xalq artisti Sherali Jo`raev uzoq tanaffusdan so`ng «Istiqlol» san`at saroyida yakkaxon konsert dasturini taqdim qildi.
Dasturni suxandon Dildora Rustamova hamda boshlovchi Anvar Azimovlar olib borishdi.
Konsert O`zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqovning monologi bilan boshlandi. So`ng sahnaga Sherali Jo`raev chiqib keldi. Sherali Jo`raevni sog`ingan muxlislari gulduros qarsaklar bilan kutib oldilar. San`atkor konsert dasturini «Onaginam» taronasi bilan boshladi.
Birin-ketin «Inson qasidasi», «Ko`rmisham», «Bandaman», «Karvon ko`rdim», «Asta-asta», «Ey dil», «Yorim bo`lsang», «Qarashlarga» kabi xit taronalar jarang sochdi. Muxlislar san`atkorga jo`r bo`lishdi.
Dasturning birinchi qismi «Qarashlarga» deb nomlangan tarona bilan yakunlandi.
Ushbu bo`lim so`ngida Sherali Jo`raev kichik farzandi, xonanda Zohirshoh Jo`raevnisahnaga taklif qildi. Zohirshoh Jo`raev o`zining 2017 yilning eng xit taronasi deya e`tirof qilingan «Yaxshi ko`rib qoldimda» taronasini ilk marotaba jonli ijroda kuyladi.
Ikkinchi bo`lim «O`zbegim» taronasi bilan boshlandi. So`ngra «Atirgulim», «Gulbadan», «Sanamjon» qo`shiqlari kuylandi. Ikkinchi bo`lim yakunida Shohjahon Jo`raev«Otajon» qo`shig`ini kuyladi.
Uchinchi bo`lim Sherali Jo`raevning «Parijon» deb nomlangan taronasi bilan boshlanib, «Birinchi muhabbatim» taronasi bilan davom etdi.
Qardosh xalqlarimiz haqida kuylangan, do`stlikni, hamjihatlikni, mehr-muhabbatni tarannum qiladigan navbatdagi tarona Sherali Jo`raev hamda uning ikki farzandi bilan duet tarzida kuylandi.
A`lo darajada o`tgan, 2018 yilning ilk jonli ijrodagi konsert dasturi «Sochingdagi oq» deb nomlangan falsafiy taronasi bilan yakunlandi.