Prezidentimizning 2017 yil 27 noyabrdagi “O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug`anievich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida Farg`ona viloyatidagi ta`lim muassasalari, mahallalar, mehnat jamoalarida Islom Karimov hayoti va faoliyatiga bag`ishlangan tadbirlar o`tkazilmoqda.
Farg`ona shahrida o`tkazilgan kitoblar taqdimoti ham buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimovning hayoti va serqirra faoliyatini keng targ`ib qilish maqsadida tashkil etildi.
Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, adiblar, olimlar va yoshlar ishtirok etgan tadbirda O`zbekiston xalq shoiri E.Siddiqova, “O`zbekkino” milliy agentligi bosh direktori F.Zokirov va boshqalar Islom Karimov milliy mustaqilligimiz asoschisi sifatida mamlakatimizning taraqqiyot yo`lini belgilab berganini ta`kidladi. Vatanimiz, xalqimizga butun borlig`ini baxshida etib yashagan Yo`lboshchimiz o`z hayoti, faoliyati bilan kelajak avlodlarga buyuk bir ibrat maktabi yaratib ketdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Farg`ona shahridagi Teatr konsert saroyi buyuk davlat arbobi nomi bilan atalishidan farg`onaliklar faxrlanadi.
Birinchi Prezidentimiz nafaqat mustaqilligimiz asoschisi, O`zbekistonni yuksak taraqqiyot yo`liga olib chiqqan buyuk davlat arbobi, balki chuqur falsafiy mazmunga ega ko`plab kitoblar muallifi sifatida ham tariximizda o`chmas iz qoldirdi. "O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida “O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov faoliyati xronikasi (solnoma)” kitobi, “Ma`naviyat” nashriyotida Islom Karimovning “Yoshlar bugungi va ertangi hayotimizning hal qiluvchi kuchidir”, “Yuksak ma`naviyat – engilmas kuch” asarlari, shuningdek, “Prezidentga maktublar” kitobi nashr etildi. Ayni kunlarda kitoblar ta`lim muassasalari, axborot-resurs markazlariga tarqatilmoqda.
Tadbirda mazkur kitoblarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida olimlar va mutaxassislar atroflicha so`z yuritdi.
– Birinchi Prezidentimiz mamlakatimiz taraqqiyotining ustuvor yo`nalishlarini ishlab chiqdi, ko`p millatli xalqimizni porloq istiqbol yo`lida birlashtirib, barchamizni ezgu maqsadlar sari ruhlantirdi, – dedi fiologiya fanlari doktori Siddiqjon Mo`minov. – Ayniqsa, Farg`ona viloyatida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlarida buyuk Yo`lboshchimizning xizmatlari benihoya katta. Bu ulug` insonning “Yuksak ma`naviyat – engilmas kuch”, “O`zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida”, “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo`lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” kabi asarlari istiqlolga erishish yo`lida chekilgan zahmatlar, mashaqqatlar haqida keng tasavvurga ega bo`lish imkonini beradigan, barchamizni shu aziz Vatan ravnaqi uchun kamarbasta bo`lishga undaydigan bebaho merosdir.
Birinchi Prezidentimiz hayoti va faoliyatiga bag`ishlangan hujjatli film yig`ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbirda Farg`ona viloyati hokimi Sh.G`aniev so`zga chiqdi.