1. Siz haqingizda gap ketganida, navoiyliklar “Ilhom Farmonov o`zimizdan”, deyishadi. Biroq Xatirchiga borganingizda o`zingiz bu fikrni tasdiqlamagan ekansiz?
— Bu voqeani eslolmadim. Xatirchiliklar qaerdanligimni so`rashsa, “o`zingizdanman”, deyman. Otam navoiylik, Toshkentga kelib, tahsil olib, poytaxtda qolgan. Onam andijondan, biz farzandlar Toshkentda tug`ilganmiz. Ko`pchilik meni qaerda tug`ilganim ustida bahs boylashganiga ko`p bor guvoh bo`lganman (kuladi). Navoiyda amakilarim, Andijonda tog`alarim bor, tez-tez borib turaman. Shunday ekan, Ilhom Farmonov ham navoiylik, ham andijonlik, xullas, o`zbekistonlikman.
2. Ilhom Farmonovning davri o`tdimi yo bugun raqobatga dosh berolmayaptimi?
— Nafaqat san`at sohasida, balki boshqa kasblarda ham o`ylangan natija doim bo`y ko`rsatavermaydi. Yangi hamkorlar bilan ishlab, xalqning nazariga tushadigan, olqish olib keladigan qo`shiqlar yozib, tinimsiz harakatdaman. Davr masalasiga to`xtalsak, shukr har kuni xalq xizmatidaman. Har bir davrada mehr-muhabbat bilan kutib olib, xuddi shu hurmat bilan kuzatib qo`yishadi. Bunday e`tibordan hatto oylar, yillar qanday o`tib ketayotganini sezmay ham qolyapman.
3. Ilhom Farmonov “to`ychivoy” xonandami yo san`atkor?
— San`atkor! Otam bolaligimdan “O`z sohangning etakchi mutaxassisi bo`lgin. Hech qachon pulning ortidan quvmagin”, deb uqtirgan. Xalq xizmatlariga borsam ham “falon vaqtdan falon vaqtgacha bo`shman”, deya shoshma-shosharlik qilmayman. Sidqidildan xizmat qilib, xonadonning kattalaridan duo olib, rozi qilib, so`ng ketaman.1. Siz haqingizda gap ketganida, navoiyliklar “Ilhom Farmonov o`zimizdan”, deyishadi. Biroq Xatirchiga borganingizda o`zingiz bu fikrni tasdiqlamagan ekansiz?
4. Ijodingizda son ustunlik qiladimi yo sifat?
— Qay bir qo`shiq ommalashishini bilib bo`lmaydi. Lekin doim har bir qo`shig`imga professional darajada yondashaman. Aniqrog`i, sifat uchun ishlayman. Sira konsert va albomlar ro`yxatini to`ldirish maqsadida son uchungina qo`shiq yozgan emasman.
5. Nega avvalgidek “xit” qo`shiqlar repertuaringizni boyitmay qo`ydi?
— To`g`ri, ketma-ket qo`shiqlarni taqdim qilyapmiz, lekin kutilganidek ommalashmayapti. “Xit” qo`shiq yozish, bu aniq fan emas-da, hisob-kitob qilib, ko`zlangan natijaga erishilsa. Balki reklamaga u qadar e`tibor qaratmaganim uchun natija o`zini uzoq kuttirayotgandir?! Lekin doimiy ijod “ummon”idaman, bir nechta yangi qo`shiqlar hozirlab qo`yganman. "Harakatda barakat", deydi-ku.
6. “Yashang” qo`shig`ingizning klipi g`oyasi sizga manzur kelganmi? Klipmeykerga ko`chirmakashligi uchun haq to`laganingizdan xabaringiz bormi?
— Klip mavzusi g`oyasini klipmeykerga o`zim berganman. Xonandalar har kuni xalq xizmatida, to`y egalarining yaqinlari biz san`atkorlarni to`yona qilishadi. Aynan shu kundalik hayotimizni klipga ko`chirishni istagandim. Lekin klipmeykerning ko`chirmakashlik qilganidan xabarim yo`q edi. Aslida ko`chirmakash, demagan bo`lardim. Balki g`oyam o`sha xorij klipiga mos kelib qolgan va undan ilhomlangandir, bundan ranjimadim.
7. So`nggi besh yillikda siz kuylashni istagan qo`shiq chiqdimi?
— (O`ylanib) O`zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning “Mendirman o`sha” qo`shig`ini e`tirof etaman. Vatan haqida aynan shunday yondashuv, jiddiy tayyorgarlik bilan qo`shiq kuylashni niyat qilib
yurgandim.
8. O`g`lingiz Islom Farmonov “Ilhom Farmonovning o`g`li” degan nomdan boshqa nima orttirdi? O`g`lingiz soyangizda qolib ketishidan qo`rqmaysizmi?
— Bolaligidan “Tomosha” guruhida tahsil oldi, davlat tadbirlarida ishtirok etdi. So`ng mustaqil ijod boshladi. Hozir ovozi o`zgaradigan paytda bo`lgani uchun qo`shiq kuylamayapti. Oradagi tanaffusda Islomni ilmga yo`naltirganman. Gitara, g`ijjak, rubob, fortepiano chalishni mukammal o`rganyapti. Soyamda qolib ketmasligiga ishonaman. Boisi farzandlarimni mustaqil qilib tarbiyalayman. Meni nomimdan foydalanib, ish bitirishiga ruxsat yo`q! Hayotni og`ir-engilini tatib ko`rishi uchun ham o`zi oyoqqa turishi lozim.

Suratda: Ilhom Farmonov o`g`li bilan.
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.






