AsosiyJamiyat

Islom Karimov Oqsaroyda Ispaniya Qirolligining tashqi ishlar va hamkorlik vazirini qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 21 aprel kuni Oqsaroyda mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Ispaniya Qirolligining tashqi ishlar va hamkorlik vaziri Xose Manuel Garsia-Margaloni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O`zbekiston bilan Ispaniya o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlik yuksak darajada ekanini mamnuniyat bilan ta`kidladi. Bugungi kunning dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarini hal etishda Ispaniyaning o`rni va roli yuqori ekanini qayd etdi.

Suhbat chog`ida o`zaro hamkorlikning hozirgi holati va ustuvor yo`nalishlari, xalqaro hayot, jumladan, Afg`onistondagi vaziyat bilan bog`liq mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.

O`zbekiston Ispaniya bilan Evropa Ittifoqidagi muhim va ishonchli sheriklaridan biri sifatida barcha yo`nalishlardagi aloqalarni rivojlantirishga alohida ahamiyat berayotgani ta`kidlandi.

O`zbekiston iqtisodiyotining izchil va barqaror o`sish sur`atlari, mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoit o`zaro savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishning mustahkam asosi bo`lib xizmat qilayotgani qayd etildi.

O`zbekiston bozorida Ispaniyaning «Talgo», «Maksam», «Initek energiya» kabi etakchi kompaniyalari faol ish yuritayotgani ikki tomonlama samarali hamkorlikning muvaffaqiyatiga misol bo`la oladi.

Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarining doimiy muloqotlari iqtisodiyotning turli sohalarida yangi qo`shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish ortib borayotganidan dalolat bermoqda. Islom Karimov shu kunlarda Toshkent shahrida o`tayotgan biznes-forum ishiga muvaffaqiyat tiladi. Ushbu anjumanda ishtirok etish uchun Ispaniyaning  infratuzilma loyihalari va yuqori texnologiyalar sohalari vakillaridan iborat nufuzli delegasiya tashrif buyurgan.

Uchrashuvda o`zaro hamkorlikka oid boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

X.M.Garsia-Margalo samimiy qabul uchun O`zbekiston Prezidentiga minnatdorlik izhor etib, hukumat Raisi Mariano Raxoy Brey davlatimiz rahbariga Ispaniyaga rasmiy tashrif buyurishni taklif etganini bildirdi. Mehmon Ispaniya rahbariyati bundan buyon ham ochiq siyosiy muloqot va ikki tomonlama manfaatli barcha sohalarda o`zaro hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanini ta`kidladi.

 

    Boshqa yangiliklar