Har qanday mushkul vaziyatda ham hayot uchun kurashmoq lozim, deydi Endryu Garfilf va so`zini “Biz uchun nafas ol” nomli yangi kinokartinadagi personaji orqali isbotladi. Bu haqda hellomagazine.com nashri yozmoqda.
Endryu ni murakkab rollar bilan vahimaga tushirib bo`lmaydi. Rejissyor Martin Skorsezening “Sukut” filmi uchun Garfild cho`pday ozigan bo`lsa, Mel Gibsonning “Vijdon amri ila” filmida Okinavada bo`lib o`tgan urush dahshatlarini boshdan o`tkazdi. Aynan mana shu filmdagi roli uchun o`tgan yili “Oskar”ga nomzod bo`lgan edi. Bu yil ham “Oskar”ga nomzod bo`lgan yangi film – “Biz uchun nafas ol”da Endryu qoyilmaqom rol ijro etdi.
Film real voqealar asosida suratga olingan. 1958 yili 28 yoshni qarshilagan Robin Kavendish Afrikaga sayohat chog`ida poliomielitet bilan og`rib qoladi. Vrachlar unga tez orada o`lishini aytishadi. Ammo hayotga bo`lgan muhabbati so`nmagan Robin yana uzoq yillar yashaydi va hatto yuzidan tashqari barcha tana a`zolarining ishdan chiqqaniga qaramay o`g`li Jonatanni tarbiya qilib, sayohatlarga chiqadi. Afsuski, hayotdagi chinakam Robin Kavendish o`zi haqidagi film premerasiga oz fursat qolganda vafot etdi.






