Korrupsiyada ayblanib, qamoqqa olingan Saudiya Arabistoni shahzodasi, milliarder Al-Valid ibn Talal “qamoq jazosini o`tayotgan” mehmonxonaning lyuks xonalaridan biridagi hayoti haqida gapirib berdi, deb xabar berdi lenta.ru nashri.
Shahzoda boshqa qo`lga olingan qirollik oilasi a`zolari bilan birga Er-Riyoddagi “Rits Karlton” mehmonxonasida saqlanmoqda. Mehmonxona necha xonadan iboratligi haqida ma`lumot berilmagan. “Men mehmonxonada o`zimni juda yaxshi his qilmoqdaman. Chunki mehmonxonaning uyimdan farqi yo`q. Bu erda yashash hech qanday noqulaylik tug`dirmaydi”, deb ma`lumot berdi shahzoda.
Shahzodaning so`zlariga qaraganda, u har doimgi kundalik hayoti bilan yashamoqda. Ishga boradi, telefonda gaplashadi, sport bilan shug`ullanadi, basseynga qatnaydi va bemalol sayrga chiqadi. Undan xabar olgani hamkasblari, shaxsiy sartaroshi kelib turadi. Taomnomasida ham hech qanday o`zgarishlar yo`q. Ichimliklarni esa o`zining surati tushirilgan maxsus krujkada ichadi.
Milliarder yaqin kunlarda uni mutlaq oqlashlariga ishonadi.






